Bin Lodin oilasiga tegishli kompaniya neft narxi pasayishi sababli 30 mlrd dollarlik qarzga botdi

Jahon 23:49 / 24.03.2016 1260

Saudiya Arabistoni Saudi Bin Laden Group (SBG) qurilish kompaniyasi neft narxi pasayishi oqibatida 30 mlrd dollardan ko‘proq qarzga botdi, deb xabar bermoqda bu muammodan xabardor bankirlar va moliyaviy maslahatchilarga iqtibos keltirgan holda The Wall Street Journal nashri. Ikkita kreditorning aytishicha, kompaniya bir qator to‘lovlar bo‘yicha defoltga (qarzni to‘lay olmaslik) yo‘l qo‘ydi.

Manbalarning ta'kidlashicha, defoltlarga kompaniya tomonidan bajarilgan ishlarga Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan o‘z vaqtida pul to‘lanmagani sabab bo‘lgan. Kompaniya bo‘limlaridan birida ta'kidlanishicha, bosh kompaniyadan yarim yil davomida moliyalashtirish olishmagan. To‘lovlarning ko‘p oylik ushlanishi pudratchilar va yetkazib beruvchilarga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmoqda.

Fevral oyi oxirida Makkada kompaniya ishchilarining ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, ular maoshlarning to‘lanmayotganiga qarshi chiqishgan. Saudiya Arabistoni mehnat vazirligining ma'lum qilishicha, kompaniya qonunga ko‘ra jazolangani sabab unga pul berilmagan.

Nashrning eslatishicha, kompaniya Saudiya Arabistoni rahbariyati bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan va shuning evaziga, jumladan Makka va Madina shaharlarini obodonlashtirish hamda yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘p milliardlik davlat buyurtmalarini olgan.

Kompaniyaning qarzlari bu yirik loyihalarni moliyalashtirish davomida yig‘ilib qolgan. Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniyaga ham Saudiya Arabistoni, ham xorijiy banklar kredit bergan.

O‘tgan haj mavsumida haj ziyoratchilari ustiga qurilish kranlaridan biri tushib ketgan. Buning natijasida yuzaga kelgan sarosima oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘lgan. Nashrning ta'kidlashicha, shu sababli Ka'batulloh atrofida qurilish ishlarini olib borgan kompaniya va qirollik rahbariyati o‘rtasidagi munosabatlarga sovuqchilik tushgan. Oqibatda qirol Salmon kompaniyani yangi loyihalarda ishtirok etishdan chetlatgan va kompaniya rahbarlariga xorijga chiqishni taqiqlab qo‘ygan.

Kompaniya oilaviy kompaniya bo‘lib, o‘zining moliyaviy hisobotini chop etmaydi. Kompaniya nashrga moliyaviy ahvoli haqida izoh berishdan bosh tortgan. Yaqinda kompaniya rahbariyati bilan uchrashgan nashrning ikki manbasining ta'kidlashicha, kompaniya boshqaruvi uning bu muammolarni yenga olishiga ishonishini aytgan.

Nashr suhbatdoshlarining fikricha, hukumat kompaniyaning kasodga uchrashiga yo‘l qo‘yishi dargumon, chunki u Saudiya tizimining tarqibiy qismi hisoblanadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniya hissasiga Saudiya Arabistonida qurilish sohasidagi barcha davlat buyurtmalarining 70 foizi to‘g‘ri keladi.

"Al-Qoida" terrorchilik guruhining sobiq yetakchisi Usama bin Lodin kompaniya asoschisining o‘g‘illaridan biri bo‘lgan, biroq u hech qachon kompaniya faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan. Biroq AQShdagi 11 sentabrdagi teraktdan keyin ko‘pchilik halok bo‘lganlarning yaqinlari kompaniyaga da'vo arizasi berishgan, biroq ular rad etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: