"Bizga sirk keldi" deb nom olgan ko‘rgazma 22 mart kuni O‘zbekiston rassomlar akademiyasining ko‘rgazmalar zalida o‘z ishini boshladi. Bu tadbir dunyodagi eng mashhur sirk ijodkorlaridan biri – Zaripovlar sulolasiga bag‘ishlanadi. Bu haqida "RIA" nashri xabar beradi.
Mazkur ko‘rgazmada sirkka bag‘ishlangan liboslar, eski suratlar, hujjatlar, afishalar, sovrinlar, tasviriy san'at namunalari va rassomlar grafikasini tomosha qilish mumkin. Shuningdek, ko‘rgazmaning asosiy qatnashchisi bo‘lgan Estrada-Tsirk kolleji o‘z konsert dasturi bilan ishtirok etadi.
Ko‘rgazma doirasida o‘zbek professional sirki asoschisi – Karim Zaripov tavalludining 125 yilligi hamda uning rafiqasi, birinchi o‘zbek klounchi ayoli va sirk chavandozi bo‘lgan Muborak Zaripova tavalludining 110 yilligi nishonlanadi.
"Tsirk artistlaridan iborat bo‘lgan Zaripovlar sulolasi 120 yildan beri faoliyat olib boradi va ellikdan ortiq sirkning turli janrlarida ijod qiluvchi ustalarni jamlaydi. Ular nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida eng taniqli sirk ustalari hisoblanishadi. Hozirgi kunda sirk arenalarida sulolaning to‘rtinchi avlodi ishlab kelmoqda", - deydi O‘zbekiston estrada-sirk kolleji o‘qituvchisi Yoqub Ostanayev.
Ayni damda Zaripovlar sulolasi vakillari nafaqat O‘zbekiston maydonlarida, balki xorijiy sirk arenalarida, jumladan, dunyoga mashhur Cirque du Solei sirkida ham faoliyat olib borishmoqda.
1942 yilda Karim Zaripov o‘sha davr sirkining eng kuchli o‘ntaligiga kirgan “O‘zbek sirk jamoasi”ni tashkil etadi. To‘rt yildan so‘ng esa, “O‘zbekistonlik yigitlar” nomli namoyish sulolaning xorijiy mamlakatlardagi tanlov va festivallarda minglab sovrinlarni zabt etishini ta'minlaydi. 2008 yilda Zaripovlar sulolasi chavandozlarining yana bir chiqishi - “O‘zbek amazonkalari” (uch chavandoz bitta ot ustida turli xil tryuklarni amalga oshiradi) o‘zining murakkabligi va noodatiyligi bilan Ginnes rekordlari kitobiga kiritiladi.
Ushbu ko‘rgazma 15 aprelgacha davom etadi.