20 fevraldan buyon O‘zbekiston ichki ishlar idoralari keng ko‘lamli «Tozalash — Antiterror» tezkor-qidiruv tadbirini o‘tkazmoqda. «Gazeta.uz» nashrining IIV Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasiga tayanib yozishicha, tadbirda nafaqat militsiya xodimlari, balki «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi vakillari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari ham ishtirok etmoqda.
Ularning vazifalari sirasiga «jamoatchilik tartibi, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, terroristik aktlari, yo‘l-transport hodisalariga yo‘l qo‘ymaslik, huquqbuzarlik va jinoyatga moyil, shu jumladan, muqaddam sudlangan shaxslar bilan ogohlantiruvchi profilaktika ishlarini olib borish» kabilar o‘rin olgan.
O‘tgan bir oy mobaynida ishchi guruhlar tomonidan 90 foizdan ziyod har xil turdagi ob'yeklar — korxonalar, muassasalar, savdo nuqtalari, ko‘ngilochar maskanlar va boshqalar tekshirildi. Tekshiruvlar natijasida 143,8 mingdan ziyod ma'muriy huquqbuzarliklar aniqlangan bo‘lib, ularning 36,7 mingdan ortig‘i pasport-viza rejimining buzilishi bilan bog‘liq. 261 shaxs — xorij davlatlari fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar — mamlakat hududida bo‘lish qoidalarini buzgani sababli O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan.
"Jamoat joylarida spirtli ichimliklar iste'mol qilgan 887 nafar shaxs, giyohvand moddalar qabul qilgan 114 kishi va ruhiy xastaligiga ega bo‘lgan 306 kishi davolanish muassasalariga yotqizildi. Doimiy yashash joyi va doimiy ishi bo‘lmagan, maqsadsiz kezib yurgan 1268 nafar shaxs reabilitatsiya markazlariga joylashtirildi. Ota-ona nazoratisiz qolgan 645 nafar voyaga yetmagan bolalar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga jo‘natildi", deyiladi xabarda.
Murabbiylar guruhi tomonidan profilaktika inspektorlari rahbarligi ostida profilaktik hisobda turuvchi 256,5 ming kishi va ularning oila a'zolari bilan tarbiyaviy-tushuntirish ishlari o‘tkazilgan.
Boshqa davlatlarga uzoq muddatga chiqib ketgan 75 ming kishining shaxsi aniqlashtirilib, hisobga olindi. Uzoq muddatdan so‘ng xorijdan qaytib kelgan taxminan 70 ming kishi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va ishga joylashtirish uchun zarur choralar ko‘rilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlar jarayonida qidiruvda bo‘lgan 808 nafar jinoyat sodir etgan shaxslar qo‘lga olindi. Bundan tashqari, mamlakat hududida 2763 jinoyat fosh etilgan.
Respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan 246ta YPX postlari, blokpostlar va chegara zonalarida 939 ming mashina, shu jumladan, jamoat transporti, hamda yuk va yo‘lovchi poyezdlari tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruvlar jarayonida 42 kg giyohvand moddalar olib qo‘yilgan.
Profilaktika maqsadlarida qishloqlar, mahallalar, korxonalar, tashkilotlar va ta'lim muassasalarida 13,8 mingdan ziyod uchrashuv hamda davra suhbatlari o‘tkazilib, fuqarolar ogohlikka chaqirilgan.