BAAda Qirg‘iziston sobiq prezidentining kuyovi qo‘lga olindi

Jahon 17:27 / 23.03.2016 1105

Birlashgan Arab Amirliklari politsiyasi Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Askar Akayevning kuyovi Odil Toyg‘anbayevni hibsga olgan. Qirg‘izistonning sobiq prezidenti kuyovi 11 yildan buyon xalqaro qidiruvda edi.

Qirg‘iziston IIV ma'lumotiga ko‘ra, Toyg‘anbayev mamlakat hududida qator jinoyatlarni sodir etgani uchun "Interpol" orqali qidiruvga berilgan.

"Interpol xodimlari va BAA huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida Dubay shahrida o‘tkazilgan maxsus amaliyot natijasida Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan Odil Toyg‘anbayev (12.10.1966 yil) qo‘lga olindi", deyiladi Qirg‘iziston IIV matbuot xizmati xabarida.

Odil Toyg‘anbayev 2005 yilgi "lola inqilobi" natijasida hokimiyatdan chetlatilgan Askar Akayevning qizi Bermet Akayevaga uylangandi.

U Qirg‘izistonda bir necha kompaniyalarga egalik qilgan, ulardan biri Manas aeroportidagi aksilterror bazaga yoqilg‘i yetkazib berish bilan shug‘ullangan.

Akayev prezidentlikdan ketgach, yangi hukumat Toyg‘anbayevga qarshi tekshiruvlar boshladi va uni moliyaviy firibgarliklar amalga oshirish hamda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash kabi jinoyatlarda aybladi.

2005 yil va 2014 yillarda u Moskvada, 2011 va 2013 yillarda esa Qozog‘istonda qo‘lga olingandi. Lekin u har safar qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: