Davlat soliq qo‘mitasi qo‘shimcha daromadlar haqidagi deklaratsiyalarni 1 aprelga qadar topshirishni unutmaslikni so‘radi

O‘zbekiston 16:59 / 19.03.2016 8545

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Milliy matbuot markazida jismoniy shaxslarning daromadlarini deklaratsiya asosida soliqqa tortish tartibi hamda joriy yildan boshlab bu borada soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan «Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlarini deklaratsiyalash tizimining o‘ziga xos xususiyatlari» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Tadbirda ishtirok etgan Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari X.Shokirov va boshqalar O‘zbekistonda xalq farovonligini yuksaltirish, aholining real daromadlarini oshirishga alohida e'tibor qaratilib, o‘z daromadlarini ko‘paytirish, ularni erkin tasarruf etish uchun barcha imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilayotganini ta'kidladi.

Xususan, 2015 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining 2016 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-2455-sonli qarori qabul qilindi. Unga asosan O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, jismoniy shaxslarning daromadlarini oshirish maqsadida qator soliq va majburiy to‘lovlarning stavkalari pasaytirildi. Shuningdek, qonun hujjatlariga asosan berilgan imtiyozlar muddati uzaytirildi.

Jumladan, jismoniy shaxslar daromadlariga soliq yukini pasaytirish maqsadida, 2016 yilning 1 yanvaridan boshlab jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasining ikkinchi shkalasi (eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda) 2015 yildagi 8,5 foizdan 1 foizli punktga kamaytirilib, 7,5 foiz qilib belgilandi.

Amaldagi mehnat qonunchiligiga ko‘ra, jismoniy shaxslar asosiy ish joyidan tashqari boshqa korxona, tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida hamda o‘ziga tegishli mol-mulkni ijaraga berish orqali va qonun bilan taqiqlanmagan faoliyatlar bilan shug‘ullanib, cheklanmagan miqdorda daromad olishlari mumkin. Olingan daromadlarga esa qonunchilikda belgilangan tartibda deklaratsiya asosida soliq solinadi. Jismoniy shaxslarning daromadlarni deklaratsiya asosida soliqqa tortish munosabatlari Soliq kodeksi va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan normalar asosida tartibga solinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 189-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxslarning:

- mulkiy daromadlari, agar bu daromadlarga to‘lov manbaida soliq solinmasa;

- fan, adabiyot va san'at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlari;

- asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan moddiy naf tarzidagi daromadlari;

- ikki yoki undan ko‘p manbadan olingan soliq solinadigan daromadlari;

- O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlari;

- soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan olingan daromadlari deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromad turlariga kiradi.

Jismoniy shaxslar ushbu daromadlari bo‘yicha jami yillik deklaratsiyani doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etishi lozim. Deklaratsiya doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga shaxsan borib topshirish, pochta orqali buyurtma xat shaklida, shuningdek elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.

Jismoniy shaxslardan deklaratsiyalarni qabul qilish kunlari davlat soliq xizmati organlari ish soatlari uzaytirilib, haftaning dam olish kunlarida ham mas'ul xodimlar xizmat ko‘rsatadi. Xar bir davlat soliq inspeksiyasida deklaratsiyalarni to‘g‘ri to‘ldirish bo‘yicha ochiq eshik kunlari va seminar mashg‘ulotlari tashkil etilib, malakali maslahatlar berib boriladi.

Bundan tashqari, jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani jismoniy shaxslar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan joyda va kunning istalgan vaqtida, Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy soliq.uz saytida ko‘rsatiladigan «Elektron soliq deklaratsiyalari» interaktiv davlat xizmati orqali, elektron shaklda topshirishlari mumkin. Ushbu davlat interaktiv xizmati soliq deklaratsiyalarini xatosiz to‘ldirishda yordam berishi bilan birga juda oddiy bo‘lib, buning uchun faqat elektron raqamli imzoga ega bo‘lish talab qilinadi.

Matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq deklaratsiyalarini ishlab chiqish va qayta ishlash markazi yetakchi mutaxassisi Sherzod Rahmatov «Elektron soliq deklaratsiyalari» interaktiv davlat xizmatidan foydalanish yo‘l-yo‘riqlari va ushbu tizimning afzalliklari haqida ishtirokchilarga ko‘rgazmali slaydlar yordamida batafsil ma'lumot berdi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, agar jismoniy shaxsning asosiy bo‘lmagan ish joyidan olgan daromadidan uning arizasiga ko‘ra soliq eng yuqori stavka asosida ushlab qolingan bo‘lsa, deklaratsiya taqdim etilmaydi.

Mol-mulkini ijaraga berish orqali daromad olayotgan jismoniy shaxslar tomonidan, ijaradan daromadlar paydo bo‘lgan kundan e'tiboran birinchi oy tugaganidan keyin besh kunlik muddatda dastlabki deklaratsiya hamda hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga jami yillik daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etilishi lozim. Mol-mulkni ijaraga berishdan daromad olish tugagan taqdirda jismoniy shaxs doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organini bu haqda yozma xabardor etishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi 181-moddasiga binoan mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining belgilangan 7,5 foiz stavkasi bo‘yicha soliq solinadi.

Jismoniy shaxsga daromad solig‘idan imtiyoz olish huquqi aynan ushbu deklaratsiya asosida beriladi. Bundan ko‘rinadiki, jami yillik daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaning taqdim etilishi faqat jismoniy shaxsning manfaati uchun xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 574- va 603-moddalariga hamda Uy-joy kodeksi 86-moddasiga muvofiq fuqarolar o‘rtasida tuzilgan ko‘chmas mulkni - uy-joyni va noturar joyni ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlanishi shart. Ijara shartnomasining bo‘lmasligi yoxud uning majburiy notarial tasdiqlanishiga rioya qilmaslik O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 159¹-moddasiga muvofiq eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Jismoniy shaxslar daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ini o‘tgan soliq davridan keyingi yilning 1 iyunidan kechiktirmay to‘lashlari lozim.

Deklaratsiya o‘z vaqtida taqdim etilmasa, davlat soliq xizmati organi o‘zidagi mavjud ma'lumotlar asosida jismoniy shaxs tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini eng yuqori stavka bo‘yicha hisoblash va soliq to‘lovchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi to‘g‘risida bildirishnoma berish huquqiga ega.

Daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etmagan, o‘z vaqtida taqdim etmagan yoki uni atayin noto‘g‘ri ma'lumotlarni ko‘rsatgan holda taqdim etgan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 174-moddasi uchinchi qismida eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan.

Matbuot anjumanida Davlat soliq qo‘mitasi xodimlari ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan o‘rtaga tashlangan barcha savollariga batafsil javoblar berishdi.

Ko‘proq yangiliklar: