Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘an 18 mart kuni terrorizmga qarshi kurashishda G‘arb “prinsipiallikni namoyish etmayotgan”ini ma'lum qildi.
Uning chiqishini mahalliy televideniye to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatdi, deb xabar beradi TASS.
“Hududimizda qancha terroristik guruhlar bo‘lsa, ularning barchasi Turkiyaga qarshi birlashib olishgan, G‘arb va ko‘p mamlakatlar esa terrorizmga qarshi qat'iyat bilan kurashmayaptilar. Yevropa Ittifoqi davlatlari bu muammoga yengi qarayaptilar va xuddi minali maydonda raqs tushayotganga o‘xshaydilar”, - dedi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘anning fikricha, YeI Kurdistonning Ishchi partiyasini terroristik guruh deb tan olgan bo‘lsa ham, guruhga qarshi kurashmayapti.
“Anqarada portlagan bomba Bryussel yoki boshqa Yevropa shahrida portlamasligiga kafolat yo‘q”, qo‘shimcha qildi u. “Siz quchog‘ingizga olib uxlayotgan ilon istagan payt sizni chaqishi mumkin. Bomba sizning shaharlaringizda portlaganda bizni tushunasiz, lekin unda juda kech bo‘ladi”, -noroziligini bildirdi Erdo‘g‘an.