AQSh qurolli kuchlari qo‘mondonligi 2015 yilning oktabrida Afg‘onistonning Qunduz shahridagi “Chegara bilmas shifokorlar” insonparvarlik tashkilotining gospitalini AQSh samolyotlari bilan bombardimon qilinishiga aloqador 10 dan ko‘proq harbiyni ma'muriy jazoga tortdi. Bu haqda maxfiy qolish sharti bilan amerikalik rasmiy shaxslar ma'lum qildi, chunki bu fojia tafsilotlari tergovi natijalari hali e'lon qilinmagan.
Rasmiy shaxslarning aytishicha, “AQSh qurolli kuchlari qo‘mondonligi harbiylarga qarshi huquqiy choralar emas, balki ma'muriy choralar qabul qilishga va ularga jinoiy ayblovlar qo‘maslikka qaror qildi”. Ma'muriy jazoga “10 dan ko‘proq harbiy, jumladan zobitlar” tortildi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Dastlabki tergov gospitalga zarba xatolik tufayli berilganini ko‘rsatgan. Bu amerikalik uchuvchilardagi xaritalardagi noaniq belgilashlar sababli yuz bergan. AQSh harbiy samolyoti “Tolibon” harakati jangarilari bo‘lgan boshqa bir binoni o‘qqa tutishi kerak bo‘lgan. Taftish natijalari yaqin kunlarda e'lon qilinishi kutilmoqda.
Fojiadan keyinoq AQSh mudofaa vazirligi tergov o‘tkazishga va'da bergan va halok bo‘lganlarning yaqinlari va jabrlanganlarga tovon puli to‘lashga tayyorligini ma'lum qilgan. Bundan tashqari, Pentagon vayronaga aylangan gospitalni tiklash bo‘yicha barcha xarajatlarni to‘lab berishga va'da bergan.
Fojia oqibatida 24 kishi, jumladan 12 nafar tibbiy xodim hamda 3 bola halok bo‘lgan. AQSh prezidenti Barak Obama telefon orqali “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti rahbari Joan Lyuga uzrini keltirgan va Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Ahmadzoyga telefon qilib, tinch aholining halok bo‘lishi munosabati bilan hamdardlik bildirgan.