Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi kollejlardan birida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan Jumagul (ismlar o‘zgartirilgan) kunlardan birida Mahtalbek ismli yigit bilan tanishadi. Unga o‘zini Sevara deb tanishtiradi. Uning boyvuchcha ekanligini anglab yetgan qiz, yigitni laqqa tushirishni niyat qiladi.
Kunlardan bir kuni unga bir raqam berib, “Bu opamning raqamlari, menga qo‘ng‘iroq qilishingizdan qo‘rqaman. Erim bilib qolishi mumkin”, deydi.
Bir necha kun o‘tib Mahtalbek Jumagul bergan raqamga qo‘ng‘iroq qiladi. Ammo go‘shakni erkak kishi ko‘taradi, qizni so‘ragan yigitni boplab so‘kib beradi. Oradan bir pas o‘tib, Jumagul yigitga qo‘ng‘iroq qilib, tezda uchrashishlari lozimligini aytadi.
Ular uchrashishgach, qiz yigitga “bekor haligi raqamga qo‘ng‘iroq qilibsiz, opamning qaynotasi ko‘taribdi. Opamning eri chet elda, o‘g‘liga qo‘ng‘iroq qilib, xotining o‘ynash topibdi, uydan haydayman deyapti. Masalani hal qilish uchun 400 dollar berasiz”, deb aytadi.
Yigit pul berishdan bosh tortadi. Qiz agar unga pul bermasa, uyiga borib janjal qilishini, uni zo‘rlaganini militsiyaga xabar berishini aytib qo‘rqitadi. Mahtalbek vaziyatni vaqtida tushunib yetib, ichki ishlar xodimlariga murojaat qiladi.
Jumagulning qilmishi jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudida ko‘rib chiqilib, tegishli jazo tayinlandi.