Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriyadagi harbiy operatsiya davomida rossiyalik harbiy Fyodor Juravlyov halok bo‘lganini tasdiqladi. Kremlda Suriyadagi operatsiyada ishtirok etganlarga mukofotlar topshirilishida Putin halok bo‘lganlarning bevalariga, jumladan Juravlyovning bevasi Yuliya Juravlyovaga ham murojaat qildi.
Rasman Juravlyovning o‘limi shu paytgacha ma'lum qilinmagan. Uning o‘limi tafsilotlarini Conflict Intelligence Team jamoasi tergov qilgan. Jamoa harbiy 2015 yil 19 noyabrdan oldin halok bo‘lganini aniqlagan.
Kremlda Yuliya Juravlyova bilan birga yana uch nafar marhum harbiy – Oleg Peshkov, Aleksandr Pozinich va Ivan Cheremisinning bevalari ham ishtirok etdilar.
Peshkov 2015 yil 24 noyabrda turk samolyoti tomonidan urib tushirilgan Su-24 samolyotining uchuvchisi bo‘lgan. Pozinich dengiz piyoda askari bo‘lib, shu urib tushirilgan samolyotning shturmanini qutqarish operatsiyasida halok bo‘lgan.
Cheremisin 1 fevralda halok bo‘lgan, u harbiy maslahatchi bo‘lgan. Rossiya mudofaa vazirligi xabarlarda Cheremisinning nomini rasman keltirmagan, xabarlarda faqatgina uning “Suriya armiyasiga yangi qurollarni o‘zlashtirishda yordam berish vazifasini bajargani” aytilgan. Biroq uning nomini tez orada jurnalistlar oshkor qilishgan.
Suriyada halok bo‘lgan yana bir harbiy Vadim Kostenko bo‘lib, u sevgan qizi bilan munosabatlariga darz ketganiga ko‘nika olmay, o‘z joniga qasd qilgan.