Yo‘l jamg‘armasi rahbari Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosariga aylandi

O‘zbekiston 17:01 / 16.03.2016 5191

Shu kungacha bir yil davomida O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi ijrochi direktori sifatida ishlab kelgan Mehriddin Abdullayev Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

"Buxoro viloyati hokimining ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi", deyiladi "Gazeta.uz" xabarida.

Mehriddin Abdullayev yo‘l jamg‘armasi rahbarligidan oldin, 2012 yildan 2015 yilgacha moliya vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Mehriddin Abdullayev (1969 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1993) va Toshkent davlat yuridik instituti (2005) bitiruvchisi.

1993-1994 yillarda Markaziy bankning Jondor tuman (Buxoro viloyati) bo‘limi bosh iqtisodchisi, 1994-1997 yillarda — «Paxta bank»ning tuman bo‘limi yetakchisi, so‘ngra bosh mutaxassisi, 1997-2003 yillarda — «Asaka» bankining Buxoro viloyat filialida boshqaruvchi o‘rinbosari va boshqaruvchi lavozimlarida ishlagan.

2003-2006 yillarda Markaziy bankning Buxoro viloyat bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2006-2010 yillarda — O‘zbekiston Milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari, 2010-2012 yillarda — Moliya vazirligi qoshidagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamarmasi ijrochi direktori bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 24 fevraldagi qarori bilan viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimiyatlarining boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. O‘zgarishlarga ko‘ra, viloyatlar va poytaxt hokimlari o‘rinbosarlari soni hokimning ma'muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimining joriy etilishi hisobiga besh nafardan olti nafarga oshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: