AQSh poytaxti Vashingtondagi metro 16 martdan boshlab kamida bir kunga yopiladigan bo‘ldi. Bu haqda The Washington Post nashri rasmiy shaxslarga iqtibos keltirgan holda ma'lum qildi.
Metro AQSh vaqti bilan chorshanbaga o‘tar kechasi (Toshkent vaqti bilan soat 9:00) 24 soatga yopiladi. Metro yopilishiga elektr kabellar xavfsizligini tekshirish sabab bo‘lmoqda.
Nashrning ta'kidlashicha, metroni yopish haqidagi qaror 14 martda kabellardan biri yonib ketganidan keyin qabul qilingan. Xuddi shunga o‘xshash voqea o‘tgan yili tutunlanishga sabab bo‘lgan, buning oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi va o‘nlab kishilar jarohatlangandi.
Vashington metrosi rahbarining ta'kidlashicha, bunday qaror avvalambor yo‘lovchilarning xavfsizligi va o‘tgan yildagidek holat takrorlanmasligi uchun qabul qilindi.
Uning aytishicha, metro yopilishi vaqtida 600 ga yaqin elektr kabel tekshirib chiqiladi. Agar tekshiruv vaqtida kabellarda xavfli hududlar aniqlansa, unda metro ta'mirlash ishlarini o‘tkazish uchun ko‘proq muddatga yopilishi mumkinligi ta'kidlandi.