Rejissyor Stiven Spilberg Harrison Ford ishtirokida Indiana Jons sarguzashtlari haqidagi beshinchi filmni suratga oladi. Bu haqda Disney kompaniyasidagi manbasiga asoslanib, The Hollywood Reporter xabar tarqatgan.
Filmning avvalgi qismi Paramount studiyasi tomonidan ishlangandi. Beshinchi qismni suratga olish ishlari bilan esa Disney shug‘ullanadi.
«Indiana Jons — kinematografiya tarixidagi buyuk qahramonlardan biridir», — deydi Disney rahbari Alan Xorn.
Yangi kartina qanday nomda bo‘lishi aytilmagan. Bu film 2019 yilning 19 iyulida prokatga chiqishi rejalashtirilgan. Qayd etish kerakki, bu vaqtga borib filmni ijro etuvchi aktyor Harrison Ford 77 yoshga chiqqan bo‘ladi.
Bundan oldinroq, Spilberg Britannia mukofotini topshirish marosimi vaqtida «Indiana Jons — 5» filmidan umidlari haqida gapirib o‘tgandi.