Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida fuqaro tomonidan ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlandi. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat Ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan Yangiyo‘l tumani Bunyodkor mahallasida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Jarayonda mahalla hududida fuqaro B.N. tomonidan 5 tup daraxt – 2 tup qayrag‘och va 3 tup yong‘oq hech qanday ruxsatnomasiz kesib tashlanganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 533 mln so‘m deb baholangan.
Holatga bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga yuborilgan.
Bir hafta oldin ham Yangiyo‘l tumanida noqonuniy daraxt kesish holati kuzatilgan edi. Unda 2 tup chinorni kesgan shaxs tabiatga 199 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlangandi.