Qozog‘istonda Tesla mashinalaridan iborat kolonna baland tog‘ kurortiga qo‘yilmadi

Jahon 01:05 / 16.03.2016 1593

Qozog‘iston davlat avtomobil nazorati xodimlari elektrokarlar egalari klubi ishtirokchilarini baland tog‘ sport majmuasiga Qozog‘iston prezidenti u yerga kurortning ekologiyasiga zarar yetkazuvchi mashinalarni qo‘ymaslik haqidagi buyrug‘idan keyin qo‘yishmadi. Bu haqda “Kazakhstan Tesla Club” klubi ishtirokchisi Sanjar Altayev feysbukda ma'lum qildi.

Altayevning aytishicha, DAN xodimlari Tesla rusumidagi elektrokarlarni “Medeu” sport majmuasi va “Chimbuloq” baland tog‘ kurortiga kiraverishda to‘xtatishgan. Patrullar kirish faqatgina gazda yuruvchi “Eko taksi”larga mumkin ekanligini aytishgan.

Altayev tomonidan chop etilgan ushbu holat tasvirlangan videoda DAN xodimlaridan biri Tesla elektr dvigatelda yurishini tan olayotgani, biroq uni qo‘yishdan bosh tortayotganini eshitish mumkin. Bu orada esa to‘xtatilgan avtomobilchilar yonidan kurort tomon avtobus o‘tib ketgan.

“Hokimiyat “Chimbuloq”qa elektromobillarning kirishiga ruxsat berilishini ishlab chiqsin. Bu boshqalarga ekologik toza transport turidan foydalanish borasida yaxshi o‘rnak bo‘ladi”, deb yozmoqda Altayev.

Fevral o‘rtalarida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Olmaotani rivojlantirish va 2017 yilgi Butunjahon qishki universiadasiga tayyorlanish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda kurortga mashinalar kirishini cheklashni talab qildi. Nazarboyevning aytishicha, “Medeu”ga chiqish uchun osma yo‘l qurilganiga qaramasdan, ba'zilar “Chimbuloq”da kottejlar qurishni davom ettirib, u yerga mashinalarda bormoqda.

“Men “Medeu”da mashinalar emas, katok bo‘lishi uchun katta mablag‘ yig‘dim, sarmoyachilarni jalb qildim, “Medeu” osma yo‘lini qurdik. Nima bo‘layotganiga bir qarang. Bu qanday rasvogarchilik? Biz nima uchun osma yo‘lni qurdik? Hech kim mashinada chiqmasligi, “Chimbuloq”ning nozik ekologiyasi buzilmasligi uchun. Bunaqada butun o‘rmonni nobud qilamiz. Biroq rahbariyat qandaydir ruxsatlar olib, baribir mashinasida kirmoqda”, deb aytgandi Nazarboyev.

“Medeu” dengiz sathidan 1600 metr balandlikda joylashgan baland tog‘ sport majmuasi bo‘lib, uning ichiga ochiq osmon ostidagi katok (konki uchish uchun yaxmalak) ham kiradi. “Chimbuloq” kurorti esa sal yuqoriroqda joylashgan bo‘lib, u yerga katokdan 800 metr nariroqdagi osma yo‘ldan chiqiladi.

Ko‘proq yangiliklar: