«O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati 2016 yil 1 aprelidan elektr energiyasining narxlari oshishini ma'lum qildi.
«O‘zbekenergo»ning izohlashicha, elektr energiya tariflarining qimmatlashishi yoqilg‘i-energiya boyliklari tannarxi oshishi bilan bog‘liq.
Yangi tariflarga ko‘ra, 1 kilovatt/soat elektr energiya narxi 167,40 so‘mdan 182 so‘mga chiqqan.
Elektr plitalar bilan jihozlangan turar-joy aholisi uchun esa elektr energiya narxi 83,7 so‘mdan 91 so‘mgacha qimmatlashgan (9 foiz).
Bundan oldinroq, elektr energiyasi va boshqa manbalar narxining oshishi munosabati bilan «Suvsoz» davlat unitar korxonasi Toshkentda 1 apreldan sovuq suv ta'minoti tarifi oshishi haqida xabar qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, elektr energiya tariflari O‘zbekistonda oxirgi marta 2015 yilning 1 oktabrida oshirilgan edi.