16 mart kuni O‘zbekiston va Yaponiya ikki tomon ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari haqida kelishib oldilar.
Yapon delegatsiyasi tarkibida Yaponiya qishloq xo‘jaligi, baliq xo‘jaligi va o‘rmonchilik vazirligi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO), Yaponiya qishloq xo‘jaligi tadqiqot Markazi hamda boshqa o‘xshash soha vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rasman ma'lum qildi, deb xabar beradi Sputnik.
“Mutaxassislar malakasini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qiymat zanjirini takomillashtirish, sanoatni modernizatsiyalash hamda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari kabi yo‘nalishlar o‘rganib chiqildi”, deyiladi xabarda.
Majlis 2015 yil oktabr oyida Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening Toshkentga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo memorandumga muvofiq tashkil etildi.
Vazirlik matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, Yaponiya respublikamizning eng yirik sarmoyadorlaridan biridir. Ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun Yaponiya kiritgan sarmoyaning umumiy hajmi 2,3 milliard dollardan ortiq.