Parijdagi 2015 yil 13 noyabrdagi terkatlarni tergov qilish doirasida Belgiya poytaxti Bryusselning Fore kommunasida 15 martda Belgiya va Fransiya politsiyasi tomonidan o‘tkazilgan reyd oqibatida 3 nafar belgiyalik va 1 nafar fransuz politsiyasi jarohat oldi, qurollangan ekstremist yo‘q qilindi. Bunday ma'lumotlarni 15 martda Belgiya federal prokuraturasi keltirib o‘tdi.
Prokuratura bergan bayonotda ta'kidlanishicha, politsiyaga bir necha kishi o‘q uzgan bo‘lishi mumkin, biroq qolgan jinoyatchilar haqida hozircha ma'lumot yo‘q.
“Parij teraktlarini tergov qilish doirasida Fore kommunasidagi Dris ko‘chasidagi kvartirada 15 martda soat 15:00 da tintuv o‘tkazilgan. Operatsiya davomida bir yoki bir necha kishi politsiyachilar uy eshigini ochishganlaridan keyinoq ularga o‘q uzgan. 4 nafar politsiyachi yaralangan: ulardan 3 nafari otishma boshlanishi bilanoq, 4-politsiyachi keyinroq jarohat olgan.
Kalashnikov avtomati turidagi qurol bilan qurollangan gumonlanuvchilardan biri soat 18:15 da Dris ko‘chasidagi shturm vaqtida o‘ldirilgan. Ayni vaqtda uning shaxsi aniqlashtirilmoqda.
Tergov davom etmoqda, ayni vaqtda qo‘shimcha ma'lumot berishning imkoniyati yo‘q”, deyilmoqda prokuratura bergan bayonotda.
RTBF telekanalining ma'lum qilishicha, Bel'giya politsiyasi otishma joyida tergov ishlarini tugatmoqda.
“Politsiya voqea joyini kuzatish va guvohlar bilan ishlashni yakunlamoqda. Mavzedagi evakuatsiya qilingan aholi politsiya hamrohligida o‘z uylariga qaytmoqdalar”, deb xabar berdi telekanal.
Ushbu voqeadan keyin Belgiya bosh vaziri Sharl Mishel mamlakat ichki ishlar vaziri Yan Yabon va adliya vaziri Koen Gens bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi, so‘ngra matbuot-anjumani berdi.
Bosh vazir belgiyaliklarni xotirjamlikni saqlashga chaqirdi va jarohatlangan politsiyalarga minnatdorchilik bildirdi.
Bu orada otishma detallari hamda asosiysi – politsiyaga o‘q uzganlar soni va ularning taqdiri noma'lumligicha qolmoqda. Derniere heure gazetasining politsiyadagi manbalariga iqtibos keltirgan holda ma'lum qilishicha, kamida ikki nafar jinoyatchi tomlar orqali qochgan bo‘lishi mumkin, politsiya ayni vaqtda bu ma'lumotni tekshirmoqda.
Parijdagi teraktlar tashkilotchilari orasida Bryusselning Molenbek kommunasida doimiy ravishda yashagan va avval Suriyada jangarilar tomonidan jang qilgan kamida 4 nafar terrorchi yashagan.
Teraktni amalga oshirishda ko‘mak bergan va va ehtimol uni amalga oshirgan gumonlanuvchilardan biri Saloh Abdusalom 13 noyabrdan 14 noyabrga o‘tar kechasi Bryusselga qaytgan va shundan keyin yashirinishga muvaffaq bo‘lgandi. Bu kimsa hali ham qidiruvda qolmoqda.
Parijdagi teraktlardan keyin Belgiya hukumati mamlakatda yuqori xavfsizlik choralarini kiritgandi. Mamlakat armiyasi va politsiyasi bir necha aksilterrorchilik operatsiyalarini o‘tkazgan.