Suriyadagi Xmeymim aviabazasidan Rossiya Harbiy-Kosmik kuchlariga tegishli samolyotlarning ilk guruhi Rossiyadagi aerodromlarga yo‘l oldi. Bu haqda Rossiya mudofaa vazirligi press-relizida ma'lum qilingan.
"Rossiya samolyotlarining ilk guruhi Xmeymimdagi aviabazadan Rossiya hududiga qaytmoqda. Tarkibda "guruh lideri" Tu-154, ko‘p funksiyali Su-34 samolyotlari joy olgan", deyiladi xabarda.
Besh ming kilometrdan uzoqqa amalga oshiriladigan davomiy parvozlar chog‘ida Rossiya samolyotlari qo‘shimcha yoqilg‘i olish va texnik tekshiruvdan o‘tish uchun oraliq qo‘nishlarni amalga oshiradi. Shundan so‘ng samolyotlar doimiy turish uchun Rossiyadagi aerodromga qo‘nadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin 15 mart kunidan Rossiya qo‘shinlarini Suriyadan olib chiqishni boshlashga buyruq berdi.