Rossiya prezidenti ma'muriyati boshlig‘i Sergey Ivanovning ma'lum qilishicha, Suriyada qoldiriladigan rossiyalik harbiylarning xavfsizligi ta'minlanadi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar tarqatgan.
"Biz qoldirayotgan kontingent to‘la xavfsizlikda bo‘ladi. Bo‘linmalar havodan, dengizdan va quruqlikdan himoyada bo‘ladi", deydi Ivanov Rossiya Suriyada S-400 qoldirish-qoldirmasligi haqidagi savolga javoban.
Bundan tashqari, u Suriyadagi Xmeymim va Tartus bazalaridagi obektlarning quruqlik va havodan himoya qilinishi uchun bo‘linmalar qoldirilishi zarurati haqida gapirgan.
Ma'lum bo‘lishicha, Rossiyaning mingga yaqin harbiy xizmatchisi Suriyada qoldiriladi.
Rossiya havo-kosmik kuchlari tomonidan Suriyadagi operatsiya yakunlanganidan so‘ng, harbiy harakatlarning asosiy og‘irligi yer usti operatsiyalariga jalb qilingan qo‘shinlar zimmasiga yuklanadi va maslahatchilar apparatining o‘rni oshiriladi.