O‘zbekiston 100 mln dollardan ko‘proqqa meva-sabzavot va uzum eksport qiladi

Iqtisodiyot 08:48 / 15.03.2016 4371

"O‘zvinsanoat-xolding" xolding kompaniyasi eksportni oshirish uchun ishlab chiqilgan yangi choralar hisobiga meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini xorijga sotish hajmini 100 mln dollardan ko‘proqqacha oshiradi, deb ma'lum qildi “Sputnik Uzbekistan” nashri muxbiriga kompaniyaning tashqi iqtisodiy faoliyati va marketing boshqarmasi boshlig‘i Adolat Vostrikova.

Uning aytishicha, xolding negizida 2015 yilning oxirida turli viloyatlarda barra meva-sabzavot va uzum mahsuloti yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi 42 ta agrofirma yaratilgan. Bugunda bu agrofirmalar 12 mingta fermer xo‘jaliklari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

“Agrofirmalarning asosiy faoliyati yo‘nalishi uzumzorlarni tiklash, rekonstruksiya qilish va yangilarini yaratishdan iborat. Bu bizga ko‘proq hosil olish va eksportni oshirishga imkon beradi. Bu yil biz 19,6 ming gektar yangi uzumzorga asos soldik. Bunda fermerlarga ko‘chat sotib olish hamda maxsus texnika bilan yordam berildi. Uzumzorlarning umumiy maydoni 99,6 ming gektargacha yetkazildi”, deb aytdi Vostrikova.

Vostrikovaning aytishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo hududida barra sabzavot, meva va uzumlar yetishtiruvchi eng yirik ishlab chiqaruvchi va ularni qayta ishlovchi hisoblanadi.

Mutaxassisning aytishicha, uzumzorlar qatorlari orasidagi bo‘sh yerlarda boshqa meva va sabzavotlar ekish rejalashtirilmoqda, bu yanada ko‘proq hosil olishga imkon beradi.

Bugungi kunda fermerlar hosilni saqlashda muammolarga duch kelmoqdalar. Agrofirmalar ularga bu mahsulotlarni sifatli saqlash imkonini beradi. Buning uchun agrofirmalarda muzlatgich kameralari va refrijyeratorlar bilan jihozlangan omborlar mavjud. Bu nafaqat mahsulotni sifatli saqlashga, balki yil bo‘yi u bilan bir maromda ta'minlashga imkon beradi.

“O‘zvinsanoat-xolding” kompaniyasi O‘zbekiston agrosanoat majmuasi tarkibiga kiradi va mamlakatdagi barcha spirtli ichimliklar ishlab chiqaruvchilarini birlashtiradi. Xolding tarkibida 140 dan ortiq korxona faoliyat yuritadi, ulardan 4 tasi etil spirt ishlab chiqaradi, 95 tasi birlamchi vinochilik, 37 tasi vino va liker-aroq mahsulotini quyish, 2 tasi ko‘piklanuvchi vino, 3 tasi shisha idish ishlab chiqarish va bittasi bezash bilan shug‘ullanadi.

Ko‘proq yangiliklar: