O‘zbekiston - Ozarbayjon: madaniy aloqalar keng ko‘lamda mustahkamlanmoqda

Jamiyat 17:59 / 15.03.2016 5532

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Uzer Gajibekov nomida O‘zbekiston-Ozarbayjon Madaniyat xonasi ochildi. Loyihaga Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi tomonidan asos solindi. Unga ko‘ra, konservatoriya qoshidagi «So‘g‘diyona» Xalq cholg‘u asboblari Kamer orkestri zali zamonaviy dizayn asosida bezatildi. Xonaga markaz tomonidan Ozarbayjonda nashr qilingan musiqiy notalar, disklar, Ozarbayjon xalq musiqa asboblari taqdim qilindi.

Uzer Gajibekov nomida O‘zbekiston-Ozarbayjon Madaniyat xonasining rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, professor Baxtiyor Yaqubov nutq so‘zlab, loyiha ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishiga, Ozarbayjon kompozitorlarining asarlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga omil bo‘lishini ta'kidladi. U kelajakda konservatoriya o‘qituvchi va talabalari Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi bilan hamkorlik qilishda davom ettaverishini qayd qildi.

O‘z navbatida, Madaniy markaz direktori Samir Abbosov O‘zbekiston davlat konservatoriyasida mazkur Xonaning ochilishi katta voqea ekanini, shu orqali qardosh o‘zbek xalqi Ozarbayjon musiqasidan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishini va O‘zbekiston saxnalarida ko‘proq Ozarbayjon bastakorlarining asarlari qo‘yilishiga xizmat qilishini ta'kidladi.

«O‘zbekiston-Ozarbayjon» do‘stlik jamiyati raisi Erkin Nuriddinov Ozarbayjonning boy madaniyati haqida gapirib, O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati va musiqasiga katta qiziqish mavjudligini qayd qilib o‘tdi.

Shundan so‘ng konservatoriya qoshidagi «So‘g‘diyona» Xalq cholg‘u asboblari Kamer orkestri ijrosida Uzeir Gajibekov asarlaridan namunalar ijro etildi. Orkestr solisti Sanjar Qodirov «Ay Lochin» deb nomlangan ozarcha xalq qo‘shig‘ini kuyladi.

Eslatib o‘tamiz, Uzer Gajibekovning «Arshin Mal Alan» badiiy filmidagi qo‘shiqlarini o‘zbekistonliklar maroq bilan tinglashadi.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: