2016 yilning 1 martidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida yangi tartibdagi yo‘l harakat qoidalari kuchga kirdi.
Yangi tahrirdagi Yo‘l Harakati Xavfsizligi qoidalari aholi punkti doirasida harakatlanish tezligi, videoregistrator va navigatorlardan foydalanish, skuter va kvadrosikllarni mototsiklga tenglashtirish kabi o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan.
Sputniknews-uz "Yangi yo‘l harakati qoidalari nimalardan iborat?" nomli infografika tayyorlagan:
Yangi YHX qoidalariga binoan aholi yashash punktlari ichida harakatlanish tezligi 30 km/soat bilan cheklangan. Undan tashqari, bolalarni tashkiliy tartibda tashuvchi transport vositalariga har qanday yo‘llarda tezlikni 60 km/soatdan oshirish taqiqlangan.
Avtomobil old qismiga, videoregistratorlar va navigatorlardan tashqari, harakat vaqtida haydovchining diqqatini tortuvchi, ko‘rinishni cheklovchi monitor va boshqa uskunalar o‘rnatish taqiqlangan.
Dvigatel hajmi 50 sm kubdan ortiq, yoki 50 km/soatdan tez harakatlanish xususiyatiga ega bo‘lgan skuterlar, kvadrosikllar va elektroskuterlar yangi qoidalarga binoan mototsikllarga tenglashtirilgan. Ushbu TV foydalanish uchun haydovchida “A” kategoriyali haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi talab etiladi.
Yangi qoidalarga piyodalar uchun ham bir qator cheklovlar kiritilgan: unga ko‘ra, piyodalarga avtomobil yo‘llari chetidan harakatlanish vaqtida, yoki piyodalar o‘tish joyidan o‘tish vaqtida telefon, planshetlardan, foydalanish, kitob, gazeta jurnal o‘qish taqiqlanadi.
Haydovchilar kunning qorong‘u vaqtida va ko‘rinish yomon bo‘lgan vaqtda yo‘l chetida to‘xtab, transport vositasidan tushganda maxsus nur qaytaruvchi nimcha kiyishi shart hisoblanadi.
Yangi YHX qoidalariga Yo‘l-transport qoidabuzarliklari maxsus uskunalar orqali avtomatik ravishda foto va video fiksatsiya qilish qoidalarini kiritilgan. Ushbu qoidalarda yangi “Qoidbuzarliklarni foto va video fiksatsiya qilish” yangi belgisi haqida ham xabar berilgan.