Hayot aslo to‘xtab qolmasligiga 10 misol

Jamiyat 23:59 / 15.03.2016 11525

Ko‘pincha muammolar bizdan so‘rab ham o‘tirmay hayotimizga kirib keladi va bizni tashvishlar girdobida qoldiradi. Kim uchundir bu vaqtinchalik tashvish bo‘lsa, yana kimningdir hayotini bir umrga o‘zgartirib yuboradi.

Biz bunday onlarda sizga dalda zarur deb hisoblaymiz. Shuning uchun sizga hayotning kutilmagan sovg‘a va sinovlarini mardonavor kutib olib, bu sinovlarni yenga olgan insonlar hayoti haqida hikoya qilamiz.

Nik Vuychich

 

Qo‘lsiz, oyoqsiz bo‘lsa-da, ruhiy jihatdan hayratomuz darajada kuchli bo‘lgan bu inson nafaqat tushkunlikka tushmadi, balki inson har qanday sharoitda, hattoki imkonsizdek ko‘ringan vaziyatda ham yashash mumkinligini isbotlay oldi. Nik golf o‘ynaydi, serfing bilan shug‘ullanadi, notiqlik qiladi, dunyo bo‘ylab sayohat qiladi. Yaqinda uning ikkinchi farzandi dunyoga keldi. Ko‘chada bolalar unga nima bo‘lgani haqida so‘rashsa, Nik “Hammasi sigaret sababli!” deb javob beradi.

Bill Porter

 

Agar insonning maqsadi bo‘lsa va eng muhimi, bu maqsadga erishish istagi juda ham kuchli bo‘lsa, hech qanday kasallik orzuga erishish yo‘lida to‘siq bo‘lolmaydi. Bill Porter tug‘ilgandanoq tserebral falajdan aziyat chekdi. U savdo sohasida ishlashni istardi. Va u bu istagiga erishib, Amerikaning eng yaxshi sotuvchilaridan biriga aylandi. Uning kuchli irodasiga bag‘ishlab, “Eshikdan eshikkacha” (Door to Door, 2002) filmi suratga olindi. Bu filmni o‘zlari hayotda shug‘ullanishni istagan bo‘lishsa-da, istagan sohalarida faoliyat yurita olmagan, bu soha uchun yaratilmaganman deb o‘ylaydigan insonlar albatta tomosha qilishlari lozim.

Yevgeniy Smirnov

Raqqos uchun raqsga tushish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdan ham dahshatliroq narsa yo‘q. Agar professional raqqos yo‘l transport hodisasi oqibatida oyog‘idan ajralib qolsa nima qiladi?Raqsga tushishda davom etishi lozim! Breyk-dans bo‘yicha Rossiya chempioni Yevgeniy Smirnov oyog‘idan ayrilgach, raqsga tushishni qaytadan o‘rganishga to‘g‘ri kelsa-da, shunday yo‘l tutdi. Uning raqs shoularidan biridagi chiqishi orqali insonning iroda kuchi naqadar kuchli ekanligini va hattoki bir oyoqda ham ajoyib raqsga tushish mumkinligini isbotladi.

Olesya Vladikina

 

Mana bu maftunkor va go‘zal qizga qarang. Olesya 20 yoshga to‘lganda taqdirning og‘ir sinoviga uchradi: Tailandda yuz bergan halokatda nafaqat dugonasini, balki chap qo‘lini ham yo‘qotdi. Bu voqea uning hayotini batamom o‘zgartirib yubordi, lekin u to‘xtab qolmadi. U ikki marta Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashib, ikki marta birinchi o‘rinni egalladi va jahon rekordlarini o‘rnatdi. Darvoqe, qiz protez qo‘ldan foydalanishni rad etdi va barcha ishlarni bir qo‘lida a'lo darajada bajaradi.

Silvestr Stallone

Buyuk aktyor bo‘lish uchun faqatgina tashqi ko‘rinish go‘zal bo‘lishi kerak deb o‘ylaysizmi? Aslo unday emas. Agar shunday deb o‘ylasangiz, u holda Silvestr Stallonening hayoti haqida bilmas ekansiz.

Tug‘ma jarohat sababli uning yuzining chap qismi mushaklari qotib qolgan, og‘zi ham biroz qiyshaygan, qovog‘ining burchagi osilib qolgan, tili ham qisman falajlanib qolgan (shuning uchun Stallone biroz qiynalib gapiradi). Endi esa ayting: bu jismoniy kamchiliklar uning zamonamizning eng mashhur aktyorlaridan biri bo‘lishiga xalaqit berdimi?

Andrea Bochelli

Ko‘zi ojizlik insonni atrofidagi olamni ko‘rish imkoniyatidan mahrum qiladi, lekin uni his etish imkoniyatidan judo qilolmaydi. Ehtimol italiyalik Andrea Bochelli, klassik va ommabop qo‘shiqlar ijrochisiga qo‘shiqlari orqali tinglovchilar qalbini zabt etishiga aynan shu narsa yordam berar?  Uch farzandning otasi bo‘lmish Andrea Bochelli yaqinda ikkinchi marta uylandi vahayotdan mamnun. Uning aytishicha, “tashqi” nigohdan mahrum bo‘lsa ham, u “qalb ko‘zi” orqali hammanarsani ko‘ra oladi.

Medlin Styuart

 

Orzu bor ekan, hech qanday kasallik uning amalga oshishiga to‘sqinlik qilolmaydi. Daun sidromiga chalingan Medlin Styuart podiumga model sifatida ko‘tarilishni orzu qilardi. Va u buni uddaladi. Albatta bunga erishish uchun harakat qilishga to‘g‘ri keldi: qiz sport bilan shug‘ullandi va 20 kgga ozdi, so‘ngra uzoq vaqt davomida modellik agentliklariga kirishga harakat qildi, biroq agentliklar uni modellar safiga qabul qilishga shoshilishmadi. Ammo Medlin maqsadiga erishdi: ayollar uchun sport kiyimlari ishlab chiquvchi Manifesta brendi bilan yirik shartnomani imzoladi. Yaqinda esa u Nyu-Yorkda o‘tkazilgan moda haftaligida ishtirok etdi. Agar chin dildan xohlasang, orzuingga albatta erishasan.

Viktoriya Dyuval

Sportchi har doim sportchiligicha qoladi. Buni Xojkin limfomasi kasalligini yengib, mashg‘ulotlarni davom ettirgan va Katta dubulg‘a turnirida muvaffaqiyatli qatnashgan amerikalik 20 yoshli tennischi Viktoriya Dyuval isbotladi. Ammo bizningcha, Viktoriya eng asosiy musobaqada g‘alaba qozondi. Ushbu musobaqada uning ashaddiy raqibi kasallik bo‘lsa, mukofoti qimmatli hayot bo‘ldi.

Shantel Braun-Yang

Bu modelning go‘zallik tarixi haqiqatan ham g‘ayrioddiy: Shantelning butun tanasida teri pigmentatsiyasi buzilgan, tibbiyot tili bilan aytganda “vitiligo” deb atalmish dog‘ qoplagan edi. Chiroyli qad-qomat va go‘zal chehraga ega bo‘lgan qiz bu kamchilikni ustunlikka aylantirishga qarorqildi va oxir-oqibat mashhur modelga aylandi. “Dunyoda oq va qora tanli odamlar mavjud, men esa har ikki toifaga mansubman”, deb hazil bilan o‘z tashqi qiyofasiga izoh beradi Shantel.

Kseniya Bezuglova

Ikki farzandning onasi, Italiyaning nogironlar aravachasida o‘tiradiganlar orasida o‘tkaziladigan Vertical go‘zallik tanlovi g‘olibasi, jamoat arbobi, shunchaki hayotdan zavq olib yashaydigan va ko‘plab rejalari bor – bularning bari Kseniya Bezuglova haqida. Favqulodda iroda kuchi va hayotga umid bilan qaraydigan Kseniya nogironlar aravachasiga mixlanganing bilan hayot davom etishi mumkinligining yorqin isbotidir!

P.S.

Ha, hayot insonni har tomonlama tez-tez sinab ko‘rishni yoqtiradi. Biroq uning barcha injiqliklari, adolatsizliklariga qaramasdan, hayot baribir go‘zal. Hattoki u “gacha” va “dan keyin” deb ataladigan vaziyatlarda ham uning bizga kutilmagan sovg‘asi bo‘lishi mumkin. Bu o‘z qat'iyatingni ko‘rsatish va baxtli bo‘lish imkoniyati! Yuqorida nomlari keltirilgan insonlar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Ular sog‘lom insonlar uchun ham o‘ziga xos namuna bo‘la olishadi.

Ko‘proq yangiliklar: