ExoMars ilmiy koinot stansiyasi Marsga muvaffaqiyatli yuborildi

Fan-texnika 07:34 / 15.03.2016 2006

Germaniyaning Darmshtadt shahridagi Yevropaning koinot parvozlarini boshqarish markazi Marsga uchirilgan ExoMars koinot qurilmalari bloki “Briz-M” tezlashtiruvchi blokidan ajralgandan keyin uning boshqaruvini o‘z nazoratiga oldi, deb xabar bermoqda “Roskosmos” matbuot xizmati. Koinot modellari aloqaga chiqdi, Marsga to‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda, undagi quyosh batareyalari ochilgan va quvvatlanmoqda, deb ma'lum qildi Yevropa koinot agentligi (YeKA) tvitterda. 

Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan fazoga uchirilgan “Proton-M” raketa-tashuvchisi ilmiy stansiyani 15 mart Toshkent vaqti bilan soat 01:13 da orbitaga olib chiqqan. Bu parvoz Rossiya raketasining oxirgi 13 yil ichidagi yer atrofidagi orbitadan tashqariga birinchi muvaffaqiyatli parvozi bo‘ldi.

Ilmiy stansiya Marsga oktabrda yetib borishi kerak. Marsga “Skiaparelli” desant moduli va Trace Gas Orbiter orbital moduli yuborildi, ulardan birinchisi qo‘nish texnologiyasini mashq qiladi, ikkinchisi esa sayyora atmosferasidagi gaz aralashmalari, tuproqda muzning taqsimlanishini o‘rganadi hamda “Skiaparelli”dan olinadigan ma'lumotlarni translyatsiya qiladi.

ExoMars – “Roskosmos” va YeKA’ning qo‘shma loyihasi bo‘lib, undan maqsad Marsda hayot izlarini qidirish, uning atmosferasi, iqlimi va sirtini o‘rganishdan iborat. Ishlarning asosiy qismi 2018 yilda o‘tkaziladi. O‘shanda sayyoraga uni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi marsoxod yuboriladi. Marsoxod olingan ma'lumotlarni Yerga uzatib turadi.

Ko‘proq yangiliklar: