BMT bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik BMT Suriyaning qamalda qolgan shaharlariga xavfsizlik nuqtai nazaridan gumanitar yordamni yetkazishni to‘xtatishga majbur bo‘layotganini ma'lum qildi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar berdi.
“Afsuski, Madoiy, Zabadoniy, Fua va Kafroiy uchun mo‘ljallangan gumanitar karvonlarni xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘xtatishga majbur bo‘lindi. Yordamni yetkazib berish bo‘yicha rejalar xavfsizlik borasidagi vaziyat bunga imkon berishi bilan qayta ko‘rib chiqiladi”, deb aytdi Dyujarrik.
Dyujarrikning aytishicha, yil boshidan beri 238 ming suriyalik oziq-ovqat va tibbiy yordam olgan. Biroq, BMT mutaxassislarining baholashicha, yetib borish qiyin bo‘lgan joylarda yordamga muhtoj 4,6 mlndan ko‘proq odam yashaydi.
Avvalroq Rossiya Suriya aholisiga 620 tonna gumanitar yordam va dori-darmon yetkazib bergani ma'lum qilingandi.