Turkiya harbiy samolyotlari 14 mart kuni Iroq shimolidagi Kurdiston ishchilar partiyasi tashkiloti marralariga zarbalar berdi. Bu haqda Turkiya armiyasidagi manbaga asoslangan holda Reyter agentligi xabar tarqatgan.
Ma'lum qilinishicha, bu hujumda turkiyaliklarning 11ta samolyoti ishtirok etgan, ular 18ta nuqtaga zarbalar yo‘llashgan. Hududdagi o‘q-dori omborlari va tashkilot a'zolari joylashgan boshpanalar bombalangan.
Anadolu axborot agentligi xabariga ko‘ra, bombalash ishlarida 9ta F-16 va 2ta F-4 rusumli samolyot ishtirok etgan.
Qayd etish kerakki, bu aviazarbalar Turkiya poytaxti Anqara shahrida 13 mart kuni kechasi sodir etilgan teraktdan keyin amalga oshirildi.
Portlash 13 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:43da, Anqaraning Qiziloy tumanidagi avtobus bekatlarining birida, mamlakat bosh vaziriga qarashli ofis yaqinida, odamlar eng gavjum vaqtda sodir etilgan. Minalashtirilgan avtomobil odamlar mingan ikki avtobus o‘rtasida portlatilgan.
Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, hozirga qadar 37 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 125 kishi jarohat olgan, 71 kishi kasalxonalarda qolmoqda.
Bu terakt uchun javobgarlikni hech qaysi tashkilot o‘z zimmasiga olmadi. Lekin Turkiya hukumati bunda Kurdiston ishchilar partiyasini ayblagan. Shuningdek, terakt ijrochilaridan biri tashkilotning 23 yoshli a'zosi ekani aytilgan.