Snouden: AQSh tashkilotlar ortidan kuzatishni oqlash uchun terrorchilikdan foydalangan

Jahon 15:49 / 14.03.2016 2104

AQSh BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF, advokat va jurnalistlar ortidan kuzatuv olib borganini oqlash uchun terrorchilikdan foydalangan. Bu haqda AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden La Sexta telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

"Biz krevetka yoki elektron sigaretlar narxi bo‘yicha muzokaralar olib borgan advokatlar ortidan kuzatganmiz. Biz YUNISEF, jurnalistlar, amerikalik professorlar ortidan ayg‘oqchilik qilganmiz", deydi Snouden.

"Bu dasturlar terrorchilikka aloqasi bo‘lmagan. Bu o‘zini oqlash bo‘lgan. Bu diplomatik ko‘zbo‘yamachilik, iqtisodiy ayg‘oqchilik va ijtimoiy nazorat bo‘lgan. Bu kuch bo‘lgan va yoppasiga kuzatuv olib borish davlat hokimiyatini kuchaytirishiga hech qanday shubha yo‘q", deb ta'kidlab o‘tdi Snouden.

Snouden, shuningdek, Yevropaning yetakchi davlatlari hukumati o‘z fuqarolari ortidan kuzatishini aytdi.

"Ispaniya, Fransiya, Germaniya va, ayniqsa Britaniya hukumati kuzatuv olib boradi. Chunki bu arzon, oson va foydali", deb qo‘shimcha qildi Snouden.

"Ispaniyada 45 mln kishi bor va har kun ulardan kimdir matnli xabar yuborganda, qo‘ng‘iroq amalga oshirganda, veb-saytga kirganda bu yozib olinadi. Har gal siz biror xarid amalga oshirganizda bu yozib olinadi", deb aytdi Snouden.

Snouden Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilgan-qilmagani haqidagi savolga "Mutlaqo yo‘q", deb javob berdi.

"Men barchasini biror hukumat ta'siriga uchramaslikni hisobga olib rejalashtirganman. Men Rossiya hukumati menga boshqa istalgan davlatdan ko‘proq qiziqqan, deb o‘ylamayman. Gap shundaki, men hech qachon Rossiyada qolishni mo‘ljallamaganman", deb qayd qildi sobiq josus.

AQShda Snoudenga josuslik haqidagi qonunning ikkita moddasini buzish aybi qo‘yilmoqda. Ulardan har biri bo‘yicha unga 10 yillik qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: