O‘zbekistonda A-380 xalqaro avtomobil yo‘lida ta'mirlash ishlari olib borilmoqda

O‘zbekiston 16:56 / 14.03.2016 3913

O‘zbekistonda xalqaro talablarga to‘la javob beradigan milliy avtomagistral barpo etish, uni dunyo yo‘llariga tutashtirish, avtotrassalar bo‘yida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l transport infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalash dasturi to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, O‘zbekmilliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Jumladan, mamlakat avtomobil yo‘lining ulkan arteriyalaridan hisoblangan A-380 "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" xalqaro avtomobil yo‘lining qurilishi yo‘lsozlar oldiga qo‘yilgan birinchi darajali vazifalardan hisoblanadi. Bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, A-380 "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" avtomobil yo‘lida 2015 yil hisobida 118 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi.

Unga qadar, A-380 yo‘lining Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tgan 440-581 km qismini qayta qurish ishlari bo‘yicha xalqaro tender savdolari o‘tkazilib, unda qatnashgan Koreya Respublikasining «POSCO» hamda Germaniya Federativ Respublikasi «Papenburg» kompaniyalari obektlarning sementobeton qoplamasini qurish ishlariga bosh pudratchi etib tayinlangan va yo‘lning 141 km qismi qurib bitkazilgan edi.

Obektning tuproq ko‘tarmasi va asoslarini qurish ishlarida mahalliy pudratchilar – Romitan TYXPTFK, Toshkent KXSITFK, Qoraqalpog‘iston KXSITFK qatnashdi.

A-380 "G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu" avtomobil yo‘lining 812-832 va 832-846 km qismini (Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida) qayta qurish bo‘yicha qurilish montaj ishlari Toshkent KXSITFK va Shimoliy-G‘arbiy XDAAYSITFK tomonidan olib borilgan bo‘lib, 34 km yuqori sifatga ega yo‘l qurib bitkazildi.

Qayta qurilgandan so‘ng, yuqoridagi obektlardagi yo‘lning holati II-texnik toifali yo‘ldan, I-toifaga o‘tkazilib, yuk ko‘tarish qobiliyati bir o‘qga (os) 13 tonna yuk tushishiga mo‘ljallangan darajaga keltirildi.

"Bir so‘z bilan aytganda, ushbu - o‘zbek milliy avtomagistralining tarkibiy qismi sanalmish xalqaro ahamiyatdagi A-380 -"G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynou" avtomobil yo‘lining yuqoridagi ko‘rsatilgan bo‘limlarida qayta qurilgan 175 km qismiga qo‘shimcha ravishda yana 118 km yo‘l jahon standartlariga mos sifatda qurib bitkazildi. Endilikda bu ravon va shu bilan birga mustahkam sifatga ega yo‘llar hali uzoq yillar davomida xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishda asqotibgina qolmay, mamlakatimiz iqtisodiyotining o‘sishiga ham xizmat qiladi", deyiladi "O‘zavtoyo‘l" AK matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: