Yaponiyaning markaziy va shimoli-sharqiy qismida qaydnomadan o‘tilmagan 3,1 ming tonna atrofidagi radioaktiv chiqindi to‘plangan. Bu haqda NHK telekanalida ma'lum qilingan.
Ma'lum qilinishicha, chiqindilar Ibaraki, Ivate, Miyagi, Saytama, Tiba, Tokio va Fukusima prefekturalari bo‘ylab joylashgan.
Bu chiqindilar "Fukusima-1" AESida ro‘y bergan falokatdan keyin hosil bo‘lgan. Ular vaqtinchalik saqlash joylarida qolmoqda. Bu chiqindilarning har bir kilogrammidagi nurlanish darajasi 8 ming bekkereleyni tashkil etadi. Chiqindilarning katta qismi Miyagi prefekturasidagi Kurixara shahrida ekani aytilgan.
Yaponiya qonunchiligiga ko‘ra, prefekturalar rasmiylari hukumatni o‘z hududlaridagi radioaktiv chiqindilar haqida ma'lumot berishi kerak hisoblanadi. Ammo shu vaqtgacha ba'zi hududlar bu talabni bajarmagan. Bunga ular o‘z hududlari investitsiya jalb qilish uchun jozibadorligi kamayishidan xavfsirashgani sabab bo‘lgani aytilgan.
2011 yilning 11 mart kuni Yaponiyada mamlakat tarixidagi eng kuchli yer silkinishi sodir bo‘ldi. U o‘zidan so‘ng shiddatli sunamini keltirib chiqardi. Silkinishdan bir soat o‘tib, Senday aeroporti suv ostida qolib ketdi. To‘rt metr balandlikdagi to‘lqinlar avtomobil va samolyotlarni yuvib ketar, binolarni yer bilan bitta qilardi. Tabiiy ofat «Fukusima-1» atom elektr stansiyasidagi avariyaga olib keldi. Texnogen fojia tufayli 120 ming kishi evakuatsiya qilindi. Zilzila va sunami oqibatida halok bo‘lganlar soni 16 ming kishini tashkil qildi, yana 2,5 ming kishi dom-daraksiz ketgan, 6 ming kishi jarohat oldi.