Van Gaal: «Hali mavsumni saqlab qolishim mumkin, «MYu»da Angliya Kubogi yoki Yevropa Ligasida g‘olib bo‘lish imkoniyati bor»

Sport 15:25 / 13.03.2016 1654

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal unga qarata yo‘llanadigan tanqidlardan tashvishga tushmasligini bildirdi.

«Men hamisha o‘z ishimga o‘zim baho beraman va tanqidlar men uchun muammo emas. Men sizlar bilan bu masalani muhokama etishni istamayman.

Biz hali Angliya Kubogida yoki Yevropa Ligasida zafar quchib, mavsumni saqlab qolish imkoniyatini saqlab qolganmiz. Shuningdek, APLning to‘rtinchi o‘rnini egallashimiz mumkin. Bu qiyin vazifa bo‘lsada, nazariy jihatdan imkoniyatimiz bor.

3 oydan buyon mening ishdan haydalishim haqida aytib kelishmoqda, ammo mening jamoam hali ham barcha turnirlardagi ishtirokini davom ettirmoqda. Bu esa ko‘pchilik hamkasblarim uddalay olmagan ishdir», — deydi van Gaal.

Ayni vaqtda mankunianlar jamoasi APL turnir jadvalida 29 turdan keyin 47 ochko to‘plagan holda 6-o‘rinda bormoqda. Jamoa YeChLni tark etgach, Yevropa Ligasida ishtirok etishni boshladi. Turnirning nimchorak finalida «Manchester Yunayted» «Liverpul»ga qarshi juftlik hosil qilgan. O‘tgan haftada o‘tkazilgan birinchi uchrashuvda van Gaal shogirdlari safarda 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Javob uchrashuvi 17 mart kuni «Old Trafford»da o‘tkaziladi.

Bugun, 13 mart kuni Angliya Kubogining chorak finalida «Manchester Yunayted» «Vest Hem»ga qarshi o‘ynaydi.

Ko‘proq yangiliklar: