Braziliyaning San-Paulu shahrida yashovchi, dahshatli avtofalokatda beshikast omon qolgan ayol "hayratdan yoqa ushlagan" guvohlar ko‘z o‘ngida pachoqlangan BMW mashinasi bo‘laklari orasida o‘zining tashqi ko‘rinishidan xavotirlanib, bamaylixotir o‘ziga oro bera boshlagan.
Ushbu noxush voqea San-Paulu chekkasidagi Salim Farax Malufa ko‘chasida o‘tgan dam olish kunlari sodir bo‘ldi. BMW 335i egasi o‘zining dugonasiga o‘z mashinasining butun "qudratini" ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan, biroq navbatdagi mashinani quvib o‘tayotganda boshqaruvni qo‘ldan chiqarib, 160 km/soat tezlikda ko‘prikning ustuniga kelib urilgan.
Zarbadan avtomobilning chap tomoni to‘liq pachoqlanib, mashina sochilib ketgan, haydovchi esa avtomobil ichida qisilib qolgan. Erkak olingan jarohatlardan voqea joyida halok bo‘lgan. Bu orada unga hamrohlik qilgan ayol avtomobil o‘rindig‘idan jilmagan holda guvohlar ko‘z o‘ngida o‘ziga makiyaj qila boshlagan. Ayol yo‘l-transport hodisasida mayda jarohat bilan cheklanib qolgan.