Xakerlar AQSh Federal zaxira tizimiga kirib, Bangladesh zaxiralarini o‘g‘irlashdi

Jahon 21:38 / 09.03.2016 3367

Xakerlar Nyu-Yorkdagi Federal zaxira banki (AQSh Federal zaxira tizimiga kiradi) elektron tizimiga kirib, undagi hisob raqamlardan biridan 100 mln dollarga yaqin pul o‘g‘irlashgan. Bu haqda Yahoo News ma'lum qilmoqda.

Bu pullar oltin-valyuta zaxiralarining bir qismini FZTda saqlagan Bangladesh Markaziy bankiga tegishli bo‘lgan.

Vaziyatdan xabardor manbaning ma'lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan pullar Filippin va Shri-Lankadagi hisob raqamlarga o‘tkazilgan. Bangladesh Markaziy banki pullar kamida Filippindagi uchta kazinoga pul yuvish uchun o‘tkazilganini aniqlagan. Bangladesh Markaziy bankiga yaqin manbaning fiqricha, bu kiberjinoyat ortida xitoylik xakerlar turgan bo‘lishi mumkin.

Nyu-Yorkdagi Federal zaxira banki vakillari tranzaksiyalar vaqtida tizimga buzib kirilish holati aniqlanmaganini aytishgan. FZT vakillari to‘lovning amalga oshirilgani haqidagi buyruq SWIFT tizimi tomonidan tasdiqlanganini ta'kidlab o‘tishgan.

Avvalroq 17 fevralda Rossiya Markaziy banki boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sergey Shvetsov 2015 yil 27 fevralda rublning kuchli o‘zgarishiga Qozondagi "Energobank" treyding tizimiga hujum uyushtirgan noma'lum xaker sababchi bo‘lganini ma'lum qilgandi. O‘shanda dollarning narxi qisqa fursat ichida 5 rublga keskin ko‘tarilib, so‘ngra tushib turgan.

Ko‘proq yangiliklar: