Tailandda jazirama issiq aprel o‘rtalarida boshlanib, may oxirigacha davom etadi.
Tailand meteorologiya departamenti bugun - 9 mart kuni o‘z saytida aprel-may oylarida kutilayotgan kunduzgi 44 darajagacha jazirama issiqdan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi.
Shuningdek, havo aylantiruvchi va salqinlatuvchi moslamalarni oldindan tekshirib olish, surunkali yurak-qontomir xastaliklaridan aziyat chekuvchilarga ko‘proq vaqtni havo mo‘'tadil aylanadigan salqin xonalarda o‘tkazish va zarur dori-darmonlarni tayyorlab olish maslahat berilgan.
Aprel o‘rtalaridan may oxirigacha Tailandda eng issiq davr hisoblanadi. O‘tgan yili shu paytlarda ham havo harorati 40-44, ba'zi joylarda hatto 48 darajagacha ko‘tarilgan.
Departament aprel o‘rtalarida nishonlanadigan Songkran (buddizm taqvimi bo‘yicha an'anaviy yangi yil) bayramida me'yoridan ortiq spirtli ichimlik ichish xavfidan ham ogohlantirdi.