Sobiq nigeriyalik diktator Sani Abachining 321 million dollar miqdoridagi avuarlari (fr. avoir — boylik, mol-mulk, aktiv) Nigeriyaga qaytariladi.
Ushbu mazmundagi kelishuv Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Dide Burkxalterning 8 mart kuni Abujaga tashrifi chog‘ida imzolandi.
Vazir qaytariladigan pullar, hujjatda ko‘rsatilganidek, ijtimoiy dasturlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida sarflanadi, deya umid bildirgan.
Shveytsariya Abachining avuarlarini uning yurtiga qaytargan birinchi mamlakat: 10 yil avval ham 720 million dollar Nigeriyaga qaytarilgan.
2014 yilning oktabr oyida Jyeneva prokuraturasi Abachi oila a'zolarining qo‘li ostidagi turli tashkilotlardan 300 million dollardan ortiq mulk musodarasi haqida xabar qilgan. 2006 yili bu mablag‘lar Jyeneva so‘roviga binoan Lyuksemburgda qo‘lga olingan.
Pullarni Afrika mamlakatiga qaytarishni nazarda tutuvchi Nigeriya hukumati va Abachi oilasi o‘rtasida 2014 yil iyul oyida tuzilgan kelishuvdan keyin avuarlarni Lyuksemburgdan Shveytsariyaga olib kelish va yo‘naltirish imkoni tug‘ildi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Nigeriya hukumati Sani Abachining kichik o‘g‘li Abba Abachiga qarshi sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilishdan voz kechdi.
Abba Abachi otasining davrida pullarni noqonuniy aylantirgani uchun 2010 yil Jyenevada shartli sudlanib, unga 24 oylik qamoq jazosi tayinlangan edi.
Sani Abachi (1943-1998) Nigeriyada mudofaa vaziri, keyin vitse-prezident vazifalarida ishlagan. 1993 yili harbiy to‘ntarish amalga oshirib, Muvaqqat boshqaruv kengashi va Federal ijroiya kengashi raisi mansablarini egallab oladi. Nigeriyaning hozirgi hokimiyati hisobicha, Abachi boshqaruv davrida 4 milliard dollar pulni o‘zlashtirib yuborgan.