Rossiya sport malikalarining katta mash-mashalari

Sport 17:17 / 09.03.2016 12429

Har yili jahonda tinch va osuda o‘tadigan Xalqaro xotin-qizlar bayrami shov-shuvli doping majorolari tufayli bu yil boshqacha nishonlandi. 2016 yilning 7 marti Rossiya sport tarixiga “qora kun” sifatida kiradigan bo‘ldi. Aynan shu kuni mashhur rossiyalik tennischi Mariya Sharapova, figurachi Yekaterina Bobrova shov-shuvlar markaziga aylandi.

Birinchi bo‘lib, 2014 yil Sochida bo‘lib o‘tgan qishki olimpiada o‘yinlari g‘olibi, figurachi Yekaterina Bobrovaning organizmida meldoniy borligi aniqlangani haqida xabar tarqatildi. Endilikda uning Bostonda 28 martdan 3 aprelgacha bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda ishtirok etmasligi aniq. Avvaliga bu hodisaga unchalik ham katta ahamiyat berilmagan edi. Chunki organizmda doping aniqlanishining o‘ziyoq sportchining o‘ziga chiqarilgan xukmi ekani shubhasiz. Biroq 7 mart kuni kechqurun rossiyalik mashhur tennischi Mariya Sharapova yanvar oyida doping sinovidan o‘tolmagani haqida xabar tarqatildi. Uning o‘zi Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida katta xato qilganini, so‘nggi 10 yil davomida taqiqlagan mildronat dorisini qabul qilib kelgani va shu bois "Katta dubulg‘a" turnirida qatnashish uchun doping tekshiruvidan o‘tolmaganini tan oldi, ammo sport karerasi shunday yakun topishini istamayotganini aytdi.

— Men katta xato qildim, muxlislarim, to‘rt yoshligimdan shug‘ullanib kelgan sport oldida uyatga qoldim. Lekin men sportchilik kareramni bu shaklda to‘xtatmoqchi emasman va menga tennisda qolishim uchun yana bir imkoniyat beriladi, deb umid qilyapman, — dedi Mariya Sharapova.

Los-Anjyelesda o‘tkazilgan matbuot anjumanida rossiyalik tennischi mildronat dorisini 2006 yildan buyon o‘z shifokori tavsiyasiga ko‘ra qabul qilib kelgani, bu dorini 1 yanvardan WADA taqiqlagani haqda esa bilmaganini aytdi.

Sharapovaning bosh homiylari bo‘lmish Germaniyaning Porsche avtomobil kompaniyasi va AQShning sport kiyimlari ishlab chiqaruvchi Nike kompaniyasi doping mojarosi atrofidagi tekshiruv yakuniga yetgunga qadar u bilan hamkorlikni vaqtincha to‘xtatgan. Shveytsariyaning “TAG Heuer” soat ishlab chiqaruvchi shirkati esa Mariya Sharapova bilan shartnoma o‘tgan yilning oxirigacha bo‘lgani va uni davom ettirish niyatida emasligini bildirdi. Shuningdek, Evian, Cole Haan, Head, Samsung kompaniyalari ham rossiyalik tennischining xomiylari sanaladi. Hozircha bu kompaniyalar biron bayonot bilan chiqmadi.

Tahlilchilarning fikricha, Mariya Sharapovaning tennisdan yillik daromadi 30 million AQSh dollarini tashkil qilgan va so‘nggi 11 yil mobaynida u eng ko‘p daromad ko‘rib kelgan ayol sportchi bo‘lib kelayotgandi.

8 martdan boshlab axborot agentliklarida yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek Semen Yelistratov, Pavel Kulijnikov, Aleksandr Markin kabi sportchilarda ham doping aniqlangani aytila boshlandi.

Meldoniy yoki mildronat dorisi, asosan, yurak xastaliklari va asab tizimi bilan bog‘liq kasalliklar uchun tavsiya qilinadi. Sportchilar uni ruhiy muvozanat va konsentratsiyani kuchaytiruvchi dori sifatida iste'mol qiladilar. Bu modda sportchilar orasida ommalashishi sabab Jahon aksildopping agentligi (WADA) uni taqiqlab qo‘ydi. Bu boradagi qaror shu yilning 1 yanvar kuni kuchga kirdi. Kelndagi laboratoriyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, tanlab olingan 8 ming 320 nafar sportchidan 182 nafarining organizmida meldoniy borligi aniqlandi. Germaniyalik jurnalist Xayo Zeppeltning aytishicha, 2015 yilda 4 ming 316 nafar rossiyalik sportchining 724 nafarida meldoniy borligi oshkor bo‘lgan.
Tahlilchilarning fikricha, meldoniyni asosan Rossiya va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo bir qator davlatlarning sportchilari qabul qiladi. Chunki uni Rossiyadan boshqa mamlakatlarda xatto bilmaydilar ham.
Bu dorini 1975 yilda latviyalik professor Ivar Kalvinsh yaratagan. Professor mazkur dorini doping sifatida qabul qilinishiga qarshi chiqmoqda. Uning so‘zlariga qaraganda meldoniy himoya preparati ekan. Biroq Jahon aksildoping agentligi mildronatni jiddiy doping sirasiga kiritishga qaror qildi. Endilikda organizimida meldoniy aniqlangan sportchilar to‘rt yil davomida o‘zlari shug‘ullanib kelgan sport turidan chetlashtiriladi. Agar xuddi Mariya Sharapova singari o‘z aybiga iqror bo‘lib, boshqa takrorlanmasligiga va'da bersa u holda bu muddat ikki yilga qisqartiriladi. Ayrim hollarda esa muddat yanada qisqartirilishi mumkin.
Mariya Sharapova Xalqaro tennis federatsiyasi bilan hamkorlik qilishga qaror qildi va shu sababli ham ishlar bosdi-bosdi bo‘lgunga qadar musobaqalardan vaqtincha chetlatildi. Agar Mariyaning so‘zlari isbotlanadigan bo‘lsa, u holda tennischiga hech qanday xavf yo‘q. Ilk eshituvlar 23 mart kuni Londonda bo‘lib o‘tadi.

Semen Yelistratov, Pavel Kulijnikovlar esa o‘z ayblarini tan olmadi, balki e'lon qilingan tahlillar oshkor etilishini talab qilib chiqishdi. Endilikda ularning qoni takroran tahlil qilinadi. Buning uchun oylar ketadi.

Nima uchun Sharapova va boshqa sportchilar meldoniyning taqiqlanganini bilishmagan, degan savol tug‘iladi. Kuzatuvchilar buning uchun sportchilarning shifokorlari javob berishi kerak degan fikrni o‘rtaga tashlashmoqda. Chunki taqiqlar ancha avval e'lon qilingan edi. Masalan, Rossiya aksildoping agentligi — RUSADA har yili 1 oktabrda taqiqlangan dorilar ro‘yxatini e'lon qilib boradi.

Sharofiddin To‘laganov

Ko‘proq yangiliklar: