Professional boksning superog‘ir vazn toifasida WBC yo‘nalishi chempioni kamari uchun ushbu kamarning amaldagi sohibi amerikalik Deontey Uaylder va da'vogar, rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkin o‘rtasidagi jang Rossiya hududida o‘tkaziladi. Bu ma'lumotni “Mir boksa” promouterlik kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiy o‘z tvitteri orqali rasman tasdiqlagan.
"Menda bir qancha variantlar bo‘lgandi: ko‘proq pul haqida o‘ylash yoki Sasha uchun qulay sharoitlarni ta'minlash. Men ikkinchisini tanladim va jang Rossiyada o‘tkaziladigan bo‘ldi. Men bu jangda kim g‘alaba qilishini bilmayman. Lekin jang oldidan xotirjam bo‘lishni istadim, Sasha o‘zini yaxshi his qilishi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qildim. Uaydler va uning jamoasini biznikida mehmon sifatida ko‘rishdan juda ham xursand bo‘laman", deb yozadi Ryabinskiy
Hozircha bu jangning o‘tkazilish sanasiga aniqlik kiritilmagan. Ryabinskiy bu jangning shu yilning may oyi oxirida o‘tkazilishini aytgan.
Ryabinskiyning jamoasi promouterlik savdolarida ushbu jangga egalik qilish huquqini 7 million dollarga sotib olgandi.
30 yoshli Uaylder shu vaqtgacha 36ta jang o‘tkazgan va barchasida g‘alaba qilgan (35 KO). Rossiyalik sobiq jahon chempioni, 36 yoshli Aleksandr Povetkin esa faqat bir marta ukrainalik Vladimir Klichkodan yengilgan (30-1, 22 KO).