O‘zbekiston tijorat banklari 2016 yilda xizmat ko‘rsatish sohalari – aloqa va axborotlashtirish, moliyaviy va transport, turar-joy va ovqatlanish, savdo, ta'lim, sog‘liqni saqlash va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish maqsadida 1,8 trillion so‘m atrofida kredit mablag‘lari ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 2016 yil 26 fevraldagi “2016-2020 yillar uchun xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga binoan yildan yilga ajratiladigan kreditlar 10 foizga oshib boradi va 2020 yilga kelib 2,6 trillion so‘mni tashkil etadi.
Xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishning chora-tadbirlari doirasida taklif etilgan soliq imtiyozlari ham e'tibor qaratishga arziydi.
Qishloq hududlarida maishiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar 3 yilga belgilangan soliq to‘lovlaridan ozod etiladi.
Chekka va qishloq hududlarida kir yuvish xizmatlarini taklif etadigan mikrofirmalar, kichik korxonalar va yakka tartibdagi tadbirkorlar besh yilga yagona soliq to‘lovi va belgilangan soliqdan ozod etiladi.
Quyidagi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar 3 yil muddatga daromad solig‘i va yagona soliq to‘lovidan ozod qilinadi:
1. Moliya, bank xizmatlari:
a) lizing xizmatlari;
b) sug‘urta bozorining professional ishtrokchilari xizmatlari ;
v) auditorlik xizmatlari;
g) buxgalteriya hisobini yuritish xizmatlari ;
d) mikrokreditlar taqdim etish xizmatlari;
ye) soliq maslahatchilari tashkilotlari ko‘rsatadigan xizmatlar.
2. Maishiy xizmatlar:
a) poyabzal va teri mahsulotlarini tuzatish xizmatlari;
b) soatlarni tuzatish xizmatlari;
v) maishiy elektron va elektrik moslamalar (televizor, kompyuter, printer texnikasi, sovutkich, konditsioner va boshqalar)ni tuzatish va texnik xizmat ko‘rsatish;
g) qishloq hududlarida ko‘rsatiladigan sartaroshxona va go‘zallik salonlari xizmatlari;
d) qishloq hududlarida ko‘rsatiladigan kiyim tikish va ta'mirlash xizmatlari;
ye) qishloq hududlarida maxsus qurilgan binoda taklif etiladigan kir yuvish xizmatlari;
j) qishloq hududlarida maxsus qurilgan binoda taklif etiladigan kiyimlarni kimyoviy tozalash xizmatlari.
3. Boshqa xizmatlar:
a) veterinariya xizmatlari;
b) ta'lim sohasi, jumladan, kompyuterda ishlashni o‘rgatish xizmatlari;
v) olish maskanlari, bolalar sog‘lomlashtirish markazlari, bolalar sport majmualari xizmatlari;
g) bolalar, nogironlar, qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish ijtimoiy xizmatlari;
d) rieltorlik xizmatlari;
ye) axborot-resurs markazlari, axborot-kutubxona markazlari, elektron ta'lim berish xizmatlari;
j) qishloq hududlarida alohida turar-joylar qurish xizmatlari;
z) qishloq hududlarida yo‘l infratuzilmalari majmualari xizmatlari ;
i) qishloq hududlarida kompyuter dasturlash (jumladan, maslahat berish) xizmatlari.
Rasmiy prognozlarga ko‘ra, 2020 yilga kelib O‘zbekiston ichki yalpi mahsulotda xizmat ko‘rsatishning ulushi 48,7 foizga yetkaziladi.