Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan hafta mobaynida O‘zbekiston hududida 192 ta yong‘in qayd etilgan. Bu yong‘inlar vaqtida 14 kishi tan jarohatlari olib, 1 kishi halok bo‘lgan.
Ushbu yong‘inlarda 1 mlrd. 227 mln. so‘mdan ortiq qurilish konstruksiyalari va 1 mlrd. 241 mln. so‘mga yaqin moddiy boyliklar yong‘indan saqlab qolingan.
Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroning uyida paxta yog‘ini dog‘lash uchun gaz plitasiga qozonda yog‘ni qo‘yib, uni nazoratsiz qoldirishi natijasida yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘indan uyning 215 kv. metr maydonda tomi, shift qismi va uy jihozlari hamda qo‘shnilarining uyini 586 kv. metr maydonda tom qismlari yonib zararlangan.
Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroning uyida elektr isitish moslamasidan foydalanilib, nazoratsiz qoldirilishi oqibatida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 160 kv. metr maydonda tomi, shift qismi hamda qo‘shnisining uyini 40 kv. metr maydonda tom qismi yonib zararlangan.
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaroning uyida elektr simlarning qisqa tutashuvi natijasida yong‘in sodir bo‘lib, uyning 100 kv.m. maydonda tom qismi hamda qo‘shnisining uyini 15 kv. metr maydonda tom qismi yonib zararlangan.