Dam olish kunlarimning birini biror-bir film ko‘rib o‘tkazishni niyat qildim-da, disk sotayotganlar qator tizilib turgan “rasta” tomon sekin odimladim. Eh-he... Disklarning turli-tumanlari bor: xorij filmlari deysizmi yoki o‘zimiznikimi, kliplar “guldastasi”dan tortib, har xil seriallar “majmua”sigacha, xullas, yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Qay birini olishingnida bilmaysan, kishi. Boshing aylanib, bor kuchingni tavakkalchilikka berasan, ko‘zga yaqinroq biror-bir filmli diskni sotib olasan. Ammo o‘sha kuni bozorni “qaynat”gan bir sabab bor ediki, barcha “diskchilar”ning og‘zida bir gap aylanardi: “Dizaynning yangisi chiqdi...”.
Tabiiyki, qiziqish paydo bo‘ldi va disk sotayotgan yigitlardan “Dizayn” guruhining yangi konsert diskini so‘radim. Ular miyig‘ida kulishdi-da, “Buni o‘zingiz ko‘ring, oilaviy tomosha qilib bo‘lmaydi”, deb shipshitib qo‘yishdi. Ya'ni...
Ana shu “ya'ni”ga konsert dasturini tomosha qilish paytida guvoh bo‘ldim. Katta bir konsert saroyida ko‘chalarda, televideniye va matbuot orqali reklamasi ketgan, muxlislari oshiqib kutgan “Dizayn” jamoasining konsert namoyishi haqida ochig‘i, nima deb gapirishni bilmay qoldim. Chunki jurnalist, nimadir haqida yozayaptimi, dalil-isboti bilan yozishi kerak. Har holda ustozlar bizga shunday o‘rgatishgan. Ammo konsert dasturida aytilgan gaplarni, iboralarni, jumlalarni, xullas, o‘sha kulguni hech qanaqasiga, na ochiq-oydin va na “paxtaga o‘rab” yozib bo‘lmaydi. Chunki bunga qo‘l bormaydi, yuz chidamaydi. O‘quvchilardan andisha qiladi odam. Ammo mana shu yerda yozishga iymanib turganimiz o‘sha gaplarni deyarli besh ming tomoshabin qarshisida, (bu sanoqqa disklar va internet orqali tomosha qilganlar qo‘shilmadi) bemalol aytishga ularni nima undadi? Mashhurlikka bo‘lgan ilinjmi? Yoshlar tilida doston bo‘lishmi? Yoki “ko‘cha ko‘rgan yigitliklarini” ko‘rsatib qo‘yishmi? Xullas, bilmadim, bilolmadim...
Shu o‘rinda konsert ishtirokchilari tomonidan aytilgan dialogni aytib o‘tsam:
— Rahmat, rahmat deyavermalaring, shu so‘zni eshitsam, asabim chiqadi... Meniyam rahmat aytadigan joylarim bor...
— Kimga rahmat aytmoqchisan?
— “O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga. Oldilariga bir qop g‘oya olib borsang, bir piyola qoldirishadi...
Agar yigitlarning “bir piyola” g‘oyasi shu bo‘lsa, “Shum bola” filmida boy aytganidek “Hali bu chalasi bo‘lsa, hammasini aytsang bira to‘lasi o‘ldirar ekansanda a?..”.
Bir kuyganimga ming kuygan bo‘lib qo‘shilgan dard bu emas aslida. Sahnada turib aytilayotgan uyatsiz, beparda so‘zlarga zalni boshiga ko‘tarib, xoxolab kulayotgan insonlardir. Ular orasida xotin-qizlar ham bor, yoshi katta-kichiklar ham...
Biz o‘zimizni shunchalik hurmat qilmay qo‘ydikmi?
Bizning saviyamiz shu darajaga yetdimi?
Biz mobodo telba bo‘lib qolmadikmi?
Gaplarimni tanqid qilishga shoshilmang... Balki men oshirib-toshirib gapirayotgandirman, ammo bu narsalarga jim qarab turolmayman. Chunki fuqarolik pozitsiyam bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Saviyasizlik, didsizlik, sharm-hayosizlik, uyatsizlik bugun bizni nafratlanishga emas, akchincha, kuldirishga turtki bo‘lyaptimi, bu ishlar katta-katta sahnalarda, minglab odamlar qarshisida bemalol gapirilyaptimi va eng achinarlisi bu gap-so‘zlarni bemalol, xoxolab, qo‘llarimizga shapillatib, qizarmasdan, kulib tomosha qilyapmizmi, demak, hech kimdan, hech narsadan xafa bo‘lishga haqqimiz yo‘q.
Zamonni tinch qo‘yaylik...
Tirikchilikni bahona qilmaylik..
Shunchaki, shunchaki INSON degan mukarramlikdan boshqa narsaga aylanib qolmayapmizmi, deb o‘zimizga o‘zimiz savol beraylik...