Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Voditeli Tashkenta» guruhida yangilangan vagonlar suratlari joylashtirildi. Bu vagonlar Toshkent metropolitenining «O‘zbekiston» yo‘nalishi uchun tayyorlanmoqda.
Toshkent Metropoliteni tomonidan UZ24 saytiga ma'lum qilinishicha, Toshkent yo‘lovchi vagonlarni ta'mirlash zavodi Toshkent metropoliteni buyurtmasiga asosan metro vagonlarini kapital ta'mirdan chiqarmoqda.
Qayd etilishicha, oltita vagon ta'mirlash uchun ajratilgan. Kapital ta'mirdan keyin vagonlar nafaqat yangilangan tashqi ko‘rinish, balki yangi ichki dizaynga ham ega bo‘ladi. Elektr, pnevmatik va mexanik uskunalar ham to‘liq yangilanadi. Yong‘in xavfsizligini ta'minlash maqsadida salonda yonmaydigan materiallardan foydalanadi, shuningdek avtomatik yong‘in o‘chirish tizimi o‘rnatiladi. Vagonlar oq-ko‘k rangalarga bo‘yalib, vagonning yon qismida qalin qizil chiziq ham bo‘ladi. Ushbu vagonlardan foydalanish muddati 15 yilga cho‘ziladi.
Poytaxt metrosi vagonlarini modernizatsiya qilish ishlari 2013 yilda boshlangan. 2015 yildan metropolitenning «Chilonzor» yo‘nalishida yangi vagonlar tarkibi sinov uchun harakatlanishni boshlagan edi. Aholi bu vagonlarni "Yer ostidagi Afrosiyob" deb atagandi. Ta'mirdan chiqarilgan vagonlar qachondan yo‘lga chiqishi haqida aniq ma'lumot berilmagan. Lekin bu 2016 yilning birinchi yarmida ro‘y berishi aytilgan.
Ta'mirlash ishlari davom etmoqda.