Forbes jurnali 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan insoniyatning go‘zal juftining eng boy vakillari ro‘yxatini chop etdi. 2016 yilgi milliarderlar reytingidan 190 nafar ayol o‘rin oldi.
Badavlat ayollar Forbes global reytingining 10 foizidan sal ko‘prog‘ini tashkil qiladi, hammasi bo‘lib bu reytingda 1810 nafar sayyoramizning eng badavlat odamlari nomlari keltirilgan. Sayyoramizning eng boy 100 kishisi ro‘yxatidan 8 ayol o‘rin olgan. Ularning umumiy boyligi 174,5 mlrd dollarni tashkil qiladi. Quyida eng badavlat 5 ayol haqida ma'lumot beramiz.
93 yoshli fransiyalik Lilian Betankur sayyoramizning eng badavlat ayoli hisoblanadi (global reytingda 11-o‘rin), uning oilasi atir-upa ishlab chiqaruvchi gigant – L'Oreal kompaniyasining 30 foizdan ko‘proq aksiyasiga egalik qiladi. Bu kompaniyaga uning otasi 1907 yilda asos solgan. Lilian Betankur otasining 1957 yildagi o‘limidan keyin huquqiy jihatdan bu imperiyaning yagona vorisi hisoblanadi. Lilian Altsgeymer kasalligidan aziyat chekadi, sud ayolga uning katta nabirasi 25 yoshli Jan-Viktor Meyyerni vasiy qilib tayinlagan. Jan-Viktor kompaniya boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan. Betankur 36,1 mlrd dollarlik boylikka ega.
Global reytingning 16-o‘rinini 66 yoshli Elis Uolton egallamoqda. Uning boyligi 32,3 mlrd dollarni tashkil qiladi. Elis Wal-Mart kompaniyasining asoschisi Sem Uoltonning qizi hisoblanadi. Sem Uolton bu supermarketlar tarmog‘iga 1962 yilda asos solgan. Elis o‘zining ukalari Robert va Jim Uoltondan farqli o‘laroq, tadbirkorlikdan ancha yiroq bo‘lib, kolleksionerlik bilan shug‘ullanadi.
Eng badavlat ayollar uchtaligini 76 yoshli Jaklin Mars (global reytingda 23-o‘rin) yakunlamoqda. Uning boyligi 23,4 mlrd dollarni tashkil qiladi. Ayol dunyodagi eng yirik qandolatchilik kompaniyasi "Mars"ga egalik qiluvchi Marslar oilasining 3-avlod vakilasi hisoblanadi. U bu kompaniyani ikki ukasi bilan 1999 yilda otasi Forrest Mars vafotidan keyin meros qilib olgan.
4-o‘rinni 98 yoshli monakolik Franka Fissolo (global reytingda 30-o‘rin) egallamoqda, uning boyligi 22,1 mlrd dollarni tashkil qiladi. U "Ferrero" kompaniyasi asoschisi, turmush o‘rtog‘i Mishel Ferrero 2015 yil fevralda vafot etgandan keyin uning boyligini meros qilib olgan.
Va nihoyat eng badavlat ayollar reytingida 5-o‘rinni 53 yoshli Syuzanna Klatten (global reytingda 38-o‘rin) egallamoqda. Germaniyalik ayol 18,5 mlrd dollar boylikka ega. Syuzanna BMW avtokonsernining 12,6 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Ayol onasi vafot etgandan keyin ukasi Stefan Kvandt bilan BMW’ning yarim aksiyasiga egalik qiladi.
Moskvaning sobiq meri Yuriy Lujkovning rafiqasi Yelena Baturina Rossiyaning eng badavlat ayoli hisoblanib, u 1,1 mlrd dollar boyligi bilan eng badavlat odamlar ro‘yxatidan 1577-o‘rinni egallamoqda. Darvoqe, Baturina bugun, 9 martda o‘zining 53 yoshini qarshilaydi.