BAA dengiz suvi yordamida sahroda oziq-ovqat va bioyonilg‘i yetishtiradi

Jahon 17:16 / 09.03.2016 3643

6 mart kuni BAA hududidagi sahroda dengiz suvi yordamida oziq-ovqat va yonilg‘i yetishtirishga ixtisoslashgan dunyoning birinchi ilmiy-tadqiqot markazi o‘z faoliyatini boshladi.

Maydoni ikki gektardan iborat noyob majmua Abu Dabining Masdar shahrida joylashgan bo‘lib, Masdar fan va texnologiyalar instituti tomonidan boshqariladi va Barqaror bioenergetika tadqiqoti konsorsiumi tomonidan moliyalashtiriladi.

BAA iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit vaziri Tani Ahmad Al Ziyoviddinning so‘zlariga ko‘ra, bunday loyiha tadqiqot va innovatsiyalar BAAning ijtimoiy va atrof-muhit muammolarini hal etishga yordam beradi.

“Bu loyiha barqaror bioenergetikadan tashqari, suv mahsulotlari sanoatini ham rivojlantirishda va oziq-ovqat mustaqilligini ta'minlashda yordam beradi”, - deb fikr bildirdi vazir.

Ilmiy-tadqiqot markazida qirg‘oq oldi dengiz suvida yetishtirilgan baliq va krevetkalar oziq-ovqat ishlab chiqarishda foydalaniladi, ularning ozuqaga boy chiqindi suvlari esa aviatsiya bioyoqilg‘isini olish uchun ishlatiladigan yog‘larga boy o‘simliklarni yetishtirishda o‘g‘it sifatida foyda keltirishi rejalashtirilgan.

Amaliyotning so‘nggi qismida, chiqindi suvi xonakilashtirilgan mangrov o‘rmonlariga yo‘naltiriladi, u yerda suvdagi ozuqaviy moddalar yo‘qolib, zarur foydali uglerod bilan ta'minlanadi. Keyinchalik tabiiy yo‘l bilan filtrlangan oqava suvlar dengizga qaytarib yuboriladi.

2011 yilda samolyotlar uchun muqobil yonilg‘i tasdiqlangach, 2000dan ziyod tijorat parvozlari barqaror bioyoqilg‘i orqali amalga oshirilgan.

Bioenergetika bilan uzviy ravishda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, suv va uglerod chiqindilarini kamaytirish – ushbu ilmiy-tadqiqot markazining asosiy maqsadi hisoblanadi.

Agar loyiha o‘z samaradorligini ko‘rsatsa, markaz maydoni 200 gektargacha kengaytiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: