Rossiya energetika vazirligi ishlab chiqqan Rossiya neft sohasini 2035 yilga qadar rivojlantirish bosh sxemasiga ko‘ra, Rossiyada neft qazib olish hajmi 20 yildan keyin eng yaxshi vaziyatda 1,2 foizga, eng yomon vaziyatda 46 foizga kamayishi mumkin. Bu haqda "Vedomosti" nashri xabar bermoqda.
Bosh sxema 2011 yilda qabul qilingan, 2020 yilgacha amal qiladigan sxemaning o‘rnini bosishi kerak. Tahlil uchun asos qilib 2014 yil olingan, Urals nefti uchun narx esa 2020 yilda 80 dollar, 2030 yilda esa 97,5 dollar qilib olingan.
Nashrning ta'kidlashicha, sxemada 4 ta ssenariy ko‘rib chiqilgan: maqbul narxlar, 2016 yildan kech bo‘lmagan muddatda sanksiyalarning bekor qilinishi, soliq yuklamasining optimallashtirilishini nazarda tutuvchi o‘rtamiyona ssenariy, bazaviy ssenariy hamda neft uchun past narxlar va sanksiyalarning saqlanib qolinishini ko‘zda tutuvchi minimal ssenariy.
Sxemada ko‘rsatilishicha, hozirda o‘zlashtirilayotgan konlar 2035 yilgacha neft qazib olish hajmining yarmini ta'minlashga qodir, qolgan hajm esa geologik-qidiruv ishlari natijasida isbotlangan zaxiralarning o‘sishi hisobiga qoplanadi.
Energetika vazirligi neft qazib olish hajmi kamayib ketmasligi uchun xususiy kompaniyalarga shelfda neft olishga ruxsat berish, soliq yuklamasini yumshatish, kichik va o‘rtacha kompaniyalarning maqomini mustahkamlash va ularga ko‘mak ko‘rsatishni taklif qilmoqda. Shuningdek, ko‘p oltingugurt saqlovchi va o‘ta qovushqoq neftni qayta ishlashni rag‘batlantirish taklif qilinmoqda.
Bosh sxemada, shuningdek, gaz kondensati olinishi 20 yildan keyin 37 foizdan 74 foizgacha oshishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Yevropa davlatlariga Rossiya mazuti va dizel yonilg‘isi eksporti 2014 yilga nisbatan 2035 yilgacha 10-14 foizga oshadi. Xitoy 2035 yilga qadar Rossiya nefti eksportini 2014 yilga nisbatan 1,8-2,2 marta oshiradi.