2016-2020 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi

O‘zbekiston 17:03 / 09.03.2016 8319

O‘zbekiston hukumati 2016-2020 yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini tasdiqladi (pdf).

Dastur xizmatlar sohasi faoliyatini balansli rivojlantirish va diversifikatsiyalashni ta'minlash, ular ko‘rsatadigan xizmatlarning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish maqsadida qabul qilingan.

Dasturga ko‘ra, xizmatlar sohasini rivojlantirish hisobiga yalpi ichki mahsulotni ko‘paytirish, uning respublika iqtisodiyotidagi ulushini 2016 yilda 48,7 foizga oshirish (2015 yilda 47,5 foiz) ko‘zda tutilgan. Hukumat prognozlariga ko‘ra, xizmatlar sohasi har yili 11-13 foizlik o‘sishni qayd etishi ko‘zda tutilgan.

Dasturda 2020 yilga borib qishloq joylarda xizmatlarni 1,8 foizga o‘stirish belgilangan. Shuningdek, hukumat 2020 yilga borib aloqa va axborotlashtirishning respublika iqtisodiyotidagi ulushini 2,5 foizga yetkazishni rejalashtirgan.

Shuningdek, dastur muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, tarmoqlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga xizmatlar sohasini, tarkibiy o‘zgartirishlarni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, raqobat muhitini shakllantirish, kichik va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadlariga yo‘naltirilgan.

Dasturga ko‘ra, O‘zbekistondagi banklar xizmat sohasidagi korxonalarni 2016 yilda 1,797 trln so‘m miqdorida moliyalashtiradi. 2020 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 2,631 trln so‘mga yetadi.

Ko‘proq yangiliklar: