Yaponiya hukumatining bosh kotibi Yosixide Suga mamlakat bosh vaziri Shindzo Abening shu yili yozida Eronga safar uyushtirishi borasida chiqqan xabarlarni inkor qildi.
"Ayni vaqtda bu masalada hech qanaqa qaror qabul qilinmagan. Tarqalgan xabarlarda haqiqat yo‘q", deya ma'lum qilgan Suge matbuot anjumani vaqtida.
Biroz oldinroq, "Nikkey" gazetasi Yaponiya bosh vaziri 38 yil ichida ilk marta Eronga tashrif uyushtirishiga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozgandi. Xabarda bosh vazir bilan birgalikda bir guruh tadbirkorlar Eronga borishi haqida aytilgandi.
2015 yilning oktabrida Yaponiya TIV rahbari Fumio Kisida Tehronda rasmiy tashrif bilan bo‘lgandi. 2016 yilning fevralida esa Eron Iqtisodiyot va Moliya vaziri Ali Toyibniya Tokioga kelgan va tomonlar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bir qator kelishuvlarni imzolashgandi.
2016 yilning 16 yanvar kunida BMT, AQSh va Yevropa Ittifoqi Eronga qo‘llangan iqtisodiy sanksiyalarni bekor qildi. Bir necha kun o‘tib, Yaponiya Eronga qarshi sanksiyalarning bekor qilinganligini e'lon qildi.
Yaponiya Yaqin Sharqdagi eng boy neft koni hisoblangan Azadegandagi konni o‘zlashtirishdagi o‘z pozitsiyasini qayta tiklashga harakat qilishi kutilmoqda.