“Bahordan boshlab qishga tayyorlanamiz” – qish qarshisidagi farg‘onaliklar

Jamiyat 13:27 / 10.11.2024 25014

Farg‘ona viloyatining gazlashmagan hududlarida ham sovuq kunlarga tayyorgarlik avjida. Aholi o‘tin va ko‘mir g‘amlash bilan ovora. Ko‘mirning 1 kg 1 300 so‘mdan 2 000 so‘mgacha sotilmoqda. O‘tin narxi esa daraxt turiga qarab xar xil. Marg‘ilonlik Muborakxon Davronova o‘tin-ko‘mirdan pulni tejash uchun yil bo‘yi yong‘oq va pista po‘choqlarini qishda pechda yoqish uchun yig‘adi.

Muborakxon Davronova to‘plagan po‘choqlarini yoqishni boshladi

“Qish uchun bu yil ham o‘tin-cho‘p yig‘a olmadik. Bahordan boshlab pista po‘choq bormi, yong‘oq po‘choqmi, danak bormi, terib kelib to‘playman. Kuchimiz yetsa, arzonlashtirilgan ko‘mir olib kelib yoqamiz, bo‘lmasa yo‘q. Oilada 9 jonmiz.

Muborakxon Davronova

Yong‘oq po‘choqlarni ham yondiraman. Uvol qilgim kelmaydi. Qish mavsumiga yoqamiz desak oilamiz uchun 1,5 tonna ko‘mir ketadi”, – deydi Muborakxon Davronova.

Endi bahorgacha tinim yo‘q...

“Qahraton qish yaqin. Kunlar sovidi deguncha ishim boshlanadi. Biz yashaydigan hududlarga tabiiy gaz yetib kelmagan. Arram bilan xonadonma xonadon yurib, ma’lum haq evaziga odamlarga o‘tin qilib beraman.

Xolmatjon Jo‘rayev

Ilojsizlikdan aholi mevali daraxtlarini ham kesishga tayyor. Shu bilan bahorgacha tinim yo‘q”, – deydi o‘tin kesuvchi Xolmatjon Jo‘rayev.

Qozoq ko‘miri xaridorgir...

“Qozog‘iston ko‘mirining maydarog‘ini 1 700 so‘m, yirigini esa 1 900 so‘mdan sotyapmiz. Qirg‘iz ko‘mirlarimiz ham bor. Ularning ham narxi qozoq ko‘miri bilan bir xil.

Azizbek Hakimov

Qozoq ko‘mirining alangasi kuchli bo‘ladi, yaxshi yonadi. Cho‘g‘i uzoqroq turadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, aholi asosan qozoq ko‘miridan sotib olyapti.

Odamlar imkoniyatiga qarab kimdir 500 kg, kimlardir 1 tonnagacha ko‘mir sotib olyapti”, – deydi ko‘mir sotuvchi Azizbek Hakimov.

Otamga yordam beraman...

“O‘tin sotish ishlarida otamga yordam beraman. Ayni kunlarda bir Labo o‘rik o‘tin holatiga qarab 550 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha, terak o‘tin esa 450 ming so‘m sotilyapti.

Muhammadayub Abdusattorov

O‘tinlar xo‘l-quruqligiga qarab ham narxida farqlanadi. Yaxshi qurigan o‘tinlarni 600 ming so‘mdan sotyapmiz. O‘tinlar asosan buzilgan bog‘lardan olib kelinyapti”, – deydi marg‘ilonlik Muhammadayub Abdusattorov.

6 tonnadan ortiq ko‘mir tushirdik...

“Qo‘shnilarim bilan birgalikda 6 tonna 80 kg ko‘mir tushirdim. Ko‘mirlarni ombordan 309 so‘mdan sotib oldik. Bu har bir oilaga 1 tonnadan to‘g‘ri keldi degani. Bo‘lishib olamiz. Oilada 4 kishimiz. Qish mavsumiga 4 tonna ko‘mir sotib olganmiz.

Abduhalim Ergashev

4 tonna ko‘mir bilan qishdan eson-omon chiqib olishni reja qilib turibman. O‘tin ham sotib olganman”, – deydi marg‘ilonlik Abduhalim Ergashev.

Bir oz tin olgan o‘tin bozorlari ham ancha “qimirlab” qolgan.

Rishton tumani markazida bir “perashkavoz” o‘rik o‘tin ayni paytda holatiga qarab 1 mln so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha sotilyapti.

Qishda qishloqliklarning joniga oro bo‘ladigan bir ZILdagi “opilka” esa 1 mln 600 ming so‘mdan sotilyapti.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: