Bahorning ilk kunlarida nishonlanadigan munis ayollarimiz bayrami arafasida Sho‘rbuloq futbolga ixtisoslashgan maktab-internatida “Andijon bahori” turniri bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada viloyatdagi oliy va kasb-hunar ta'limi tizimi hamda xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi muassasalarning sportchi xotin-qizlardan tuzilgan jamoalari ishtirok etdilar.
14 jamoa qatnashgan turnirning 1-guruhi, ya'ni - oliy va kasb-hunar ta'limi yo‘nalishidagi bellashuvlarning finalida Asaka pedogogika kolleji jamoasi Andijon Davlat Universiteti jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, xalq ta'limi yo‘nalishidagi 2-guruhda Xo‘jaobod futbolchilari Ulug‘nor jamoasini 3:2 hisobida yengib, final bahsida muvaffaqiyat qozondi.
Taqdirlash marosimida so‘z olgan Andijon viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova musobaqa ishtirokchilarni qutlab, kirib kelayotgan ikki bahoriy ayyom bilan tabrikladi. G‘olib va sovrindorlarga viloyat hokimligi, viloyat futbol federatsiyasi, “Kamolot” YoIH tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Elmurod ERMATOV, Andijon