Turkiya AQSh maxsus xizmatlari (xususan MRB) bilan hamkorlikning kengaytirgan va maxfiy tarzda muvofiqlashtirish markazi tuzgan. Bu haqda The Washington Post nashri xabar tarqatgan.
O‘tgan yili Turkiya o‘z hududi orqali o‘tadigan terrorchilarga qarshi keng ko‘lamli harakatlarni boshladi. Yirik aeroportlar hamda transport yo‘llarida nazorat kuchaytirildi, Suriya bilan chegaralarda yangi to‘siqlar o‘rnatildi.
Nashrning yozishicha, Turkiya hukumati qochqinlar ichida o‘z hududiga IShID jangarilari kirib kelishidan xavfsiraydi.
Turkiya bu harakatlar doirasida AQSh Markaziy razvedka byurosi hamda boshqa maxsus xizmatlar bilan hamkorlikni kuchaytirgan.
MRB direktori Jon Brennan bir necha marta Anqaraga tashrif buyurgan. Uning oxirgi tashrifi shu yilning yanvarida amalga oshirilgan va o‘zaro uchrashuvda terrorchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish masalasi muhokama qilingan. MRB va Turkiya razvedkasi (MIT) Suriya chegaralari yaqinida maxfiy tarzda muvofiqlashtirish markazi tashkil qilgani aytilgan.
Nashrning qayd etishicha, ikki davlatning maxsus xizmatlari hamkorligi terrorchilikka qarshi kurash doirasida bo‘lib, amerikaliklarning dronlari doimiy ravishda Injirlikdagi aviabazada Suriya hududiga parvozlarni amalga oshirishi ham kuzatilgan.
Shuningdek, bu hamkorlik natijasida Suriya safiga yangi yollanma kuchlarning kelib qo‘shilishi hajmi 3 barobar kamaygani qayd etilgan.
Bundan oldinroq, AQSh Suriya shimolida, kurdlar nazoratidagi hududda yana bir aviabaza qurayotgani haqida xabar paydo bo‘lgandi.