Turkiya hukumati sudning muxolif Zaman gazetasi boshqaruviga vasiylarni belgilash haqidagi qaroriga aloqasi yo‘q, deb aytdi Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu. Bu haqda Ahaber nashri xabar bermoqda.
"Bizning hukumat bunga aloqasi yo‘q. Sud idoralari tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilgan. Bu sof yuridik jarayondir. Hech kim Turkiyada matbuot erkinligi borasida shubhaga ega bo‘lmasligi kerak", deb aytdi Dovudo‘g‘lu.
Dovudo‘g‘luning ta'kidlashicha, gazeta "parallel hukumat" tuzilmalari orqali pul yuvganlikda ayblanmoqda.
Avvalroq Zaman tahririyati binosi oldida faollar namoyishi mahalliy politsiya tomonidan haydalgan edi. Politsiya bunda suvotgichlar, ko‘zni achishtiruvchi gaz va plastik o‘qlardan foydalangan.
Gazeta xodimi Russian Today telekanali bilan suhbatda Turkiyada oxirgi kun ro‘y berayotgan voqealarni "Turkiya demokratiyasining intihosi" deb atagandi.
Yevroparlament raisi Martin Shults tvitterda turk hukumatining gazetaga nisbatan harakatlari Yevropa Ittifoqi-Turkiya sammitida muhokama qilinishiga va'da berdi.
"Zaman gazetasining qo‘lga olinishi – Turkiyadagi erkin matbuotga yana bir zarbadir. Men bu masalani dushanba kuni ko‘taraman", deb aytdi Shults.