Toshkent shahri Bektemir tumanida bunyod etilgan “Kamolot” uylarini yosh oilalarga topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Kamolot” uylari boshlang‘ich badal to‘lanmasdan, 20 yil muddatga, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davr belgilangan holda berilayotgani yosh oilalarga katta qulaylik yaratmoqda.
2015 yilda Toshkent shahrining Sergeli, Uchtepa va Bektemir tumanlarida 160 xonadonli 5 “Kamolot” uyi yosh oilalarga topshirildi.
Joriy yilda ham ushbu an'ana davom etmoqda. Yanvar oyida Mirobod va Chilonzor tumanlarida har biri 32 xonadondan iborat 3 “Kamolot” uyi barpo etildi, deb yozadi O‘zA.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentabrdagi «Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida O‘zbekistonning barcha hududida «Kamolot» uylari barpo etilib, yoshlarga topshirilmoqda .